Kia Janubiy Koreyada Carnival minivenining yangi High Roof versiyasini taqdim etdi. Model qimmat Hi Limousine talqinidan pastroq pog‘onada joylashadi va keng salon hamda qo‘shimcha balandlikka ehtiyoj sezadigan katta oilalar yoki biznes tashuvlar uchun mo‘ljallangan.
Carnival High Roof Hi Limousine’dagi kabi tom kengaytmasiga ega. U standart Carnival’dan 270 mm balandroq bo‘lib, avtomobilning umumiy balandligi 2055 mmga yetadi. Kuzov rangidagi po‘lat tom aerodinamik shaklda ishlangan, xrom bezaklar va orqa LED tormoz chirog‘i bilan jihozlangan.

Baland tom salonda bosh uchun ko‘proq joy yaratadi hamda ikkinchi va uchinchi qatorlarga kirib-chiqishni osonlashtiradi. Salon ustunlari va shift qismi zamsh bilan qoplangan, orqa yo‘lovchilar uchun alohida LED o‘qish chiroqlari o‘rnatilgan.
Hi Limousine’dan farqli ravishda High Roof hozircha to‘qqiz o‘rindiqli konfiguratsiyada taklif qilinadi. Keyinroq yetti o‘rindiqli versiya ham qo‘shiladi. Modelda 21,5 dyuymli orqa ekran, kengaytirilgan atmosfera yoritgichi, massaj va ventilyatsiyaga ega kapitan o‘rindiqlari yo‘q.

Shunga qaramay, jihozlar boy: LED faralar, 18 dyuymli disklar, ekoteri qoplama, raqamli kokpit, isitiladigan o‘rindiqlar va rul, old o‘rindiqlar ventilyatsiyasi hamda haydovchiga yordam tizimlari mavjud.
Kia Carnival High Roof 3,5 litrli V6 benzinli motor yoki 1,6 litrli turbo gibrid tizim bilan taklif etiladi. Janubiy Koreyada narxlar 52,11 mln vondan, ya’ni taxminan 34,6 ming dollardan boshlanadi.
Qaynoq24.uz Kia Sportage 2026 avtomobili haqida yozgan edi.


