Haval kompaniyasi Xitoyda yangi Haval GWM H10 to‘liq o‘lchamli SUV modelini namoyish etdi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
GWM H10 plug-in hybrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Model elektr rejimida 180 kmgacha yurish zaxirasini taklif qiladi. Avtomobil besh va olti o‘rindiqli salon variantlarida ishlab chiqariladi.

Avvalroq Haval yangi flagman modeli nomi uchun ovoz berish jarayonini o‘tkazgan edi. Foydalanuvchilarning aksariyati GWM H10 nomini tanlagan. GWM — Great Wall Motor qisqartmasi bo‘lib, u Haval brendiga egalik qiluvchi kompaniya hisoblanadi.
Yangi H10 GWM One modular arxitekturasi asosida ishlab chiqilgan Haval’ning ilk modeli bo‘ldi. Shu platforma yaqinda taqdim etilgan Wey V9X krossoverida ham qo‘llangan. H10 Haval H9’dan farqli ravishda ramali konstruksiyaga ega emas, u monokok kuzovli avtomobil hisoblanadi.
Shunga qaramay, model yo‘ltanlamas SUV sifatida taqdim etilmoqda.
Tashqi dizaynda Haval GWM H10 yirik blok shaklidagi old faralar, tomdagi LiDAR sensori, qoraytirilgan ustunlar va orqa eshikda joylashgan to‘liq o‘lchamli zaxira g‘ildirak bilan ajralib turadi. Shuningdek, model an’anaviy eshik tutqichlari, tom reylinglari, katta yon oynalar va bo‘rtma qanotlarga ega.

O‘lchamlar va dizayn
Besh o‘rindiqli versiyaning o‘lchamlari 5138×2050×1970 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 3000 mmga teng. Kirish burchagi 24 daraja, chiqish burchagi esa 30 daraja. Olti o‘rindiqli versiya uzunroq bo‘lib, uning uzunligi 5299 mmga yetadi. Bunda g‘ildirak bazasi o‘zgarmaydi, chiqish burchagi esa 26 darajani tashkil qiladi.

Salon dizaynida yumaloq rul, katta osma markaziy ekran va LCD asboblar paneli qo‘llangan. Uzatmalar selektori rul kolonkasiga ko‘chirilgani sababli markaziy tunnelda jismoniy tugmalar bloki, simsiz quvvatlash maydoni, stakan qo‘ygichlar va o‘rnatilgan muzlatkich uchun joy ajratilgan.
Qaynoq24.uz Haval H6L avtomobili yangilanishi haqida yozgan edi.


