AQSH Eronga Hormuz bo‘g‘ozida boj joriy qilmaslikni taklif qilmoqda. Bu haqda Axios manbalariga tayanib xabar berdi.
AQSH va Eron muzokarachilari Dohada navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazmoqda. Muzokaralarning asosiy mavzusi Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bo‘lib, Donald Tramp ma’muriyati Tehronni bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalardan boj undirish rejasidan voz kechishga ko‘ndirishga urinmoqda.
Axios jurnalisti Barak Ravidning yozishicha, Vashington Eron tomoniga yadroviy kelishuv orqali erishilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy foyda Hormuz bo‘g‘ozida boj yig‘ishdan olinadigan daromaddan ancha yuqori bo‘lishini tushuntirmoqda. AQSH rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning Tehronga asosiy xabari “kengroq o‘ylash”dan iborat bo‘lgan.
Tomonlar avvalroq keng qamrovli yadroviy kelishuvga erishish uchun o‘zlariga 60 kunlik muddat bergan edi. Biroq ushbu muddat boshlanganidan ikki hafta o‘tganiga qaramay, tomonlar hali ham oldin imzolangan anglashuv memorandumi shartlari bo‘yicha kelisha olmayapti. Axios’ga ko‘ra, hozircha dastlabki kelishuvning buzilishi yakuniy bitimga erishish ehtimolidan yuqoriroq ko‘rinmoqda.
AQSH va Eron bir necha marta o‘zaro zarbalar almashganidan so‘ng, yakshanba kuni Hormuz bo‘g‘ozida vaziyatni bir haftaga yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. AQSH rasmiysi bu muddat muzokaralar raketa hujumlarisiz, tinch muhitda davom etishi uchun zarurligini aytgan. Shu bilan birga, u Tramp Eron har safar o‘q uzsa, AQSH yanada kuchliroq javob qaytarishini bildirganini ta’kidlagan.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens chorshanba kuni Amerika texnik guruhi eronliklar, qatarliklar va boshqa tomonlar bilan Dohada muzokara o‘tkazayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayon hali dastlabki bosqichda, biroq muzokaralar yaxshi ketmoqda.
Qaynoq24.uz AQSh Senati Eronga qarshi urushni to‘xtatish rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi.


