Xiaomi’ning Redmi 17 5G smartfoni global taqdimotga yaqinlashmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Qurilma Malayziyaning SIRIM va Tayvanning NCC sertifikatlash bazalarida ko‘rinish berdi. Ushbu ro‘yxatlar smartfonning nomi, model raqami va ayrim muhim texnik xususiyatlarini ochiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi 17 5G 26062RN92G model raqami bilan SIRIM sertifikatidan o‘tgan. Bu qurilma xalqaro bozorlar uchun tayyorlanayotganini anglatadi. Shuningdek, ro‘yxat Xiaomi Redmi 16 nomidan voz kechib, Redmi 15 seriyasidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Redmi 17 lineykasiga o‘tishini ko‘rsatmoqda.
Tayvanning NCC sertifikatlash ma’lumotlarida smartfon haqida ko‘proq tafsilotlar keltirilgan. Unga ko‘ra, Redmi 17 5G to‘rtta xotira konfiguratsiyasida taklif qilinishi mumkin: 4/64 GB, 4/128 GB, 4/256 GB va 8/256 GB. Qurilmada BM7H model raqamiga ega akkumulyator qo‘llanishi, komplektdagi quvvatlagich esa MDY-17-EN model raqamiga ega bo‘lishi qayd etilgan.
Avvalgi TÜV sertifikati bilan solishtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi 17 5G 7500 mA·soat sig‘imli yirik batareya bilan jihozlanishi mumkin. Komplektdagi adapter 45 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, yangi model Redmi 15 5G‘dan sezilarli ustun bo‘ladi, chunki avvalgi model 7000 mA/soat batareya va 33 Vt quvvatlash bilan chiqqan edi.
NCC ro‘yxatida Redmi 17 5G aloqa imkoniyatlari ham ko‘rsatilgan. Smartfon 5G, 4G LTE, VoLTE, ikki diapazonli Wi-Fi, Bluetooth, NFC va USB Type-C portini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, qurilma IP64 darajasidagi chang va suvdan himoyaga ega bo‘lishi aytilmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi K100 Pro Max smartfoni qachon chiqishi haqida yozgan edi.


