Malida isyonchilar va islomchi guruhlar bir vaqtning o‘zida bir nechta shahar va harbiy obyektlarga hujum qildi. Armiya mamlakat bo‘ylab vaziyat “to‘liq nazorat ostiga olingani”ni ma’lum qildi.
Hujumlar Gao, Agelxok, Anefis va Sevare shaharlarida, shuningdek, poytaxt Bamako yaqinidagi Kenioroba qamoqxonasi atrofida sodir bo‘ldi. Gao aholisi harbiy lager yaqinida otishma va raketa ovozlarini eshitganini aytdi. Sevare shahrida esa tongda kuchli portlashlar qayd etilgan.
Hujumlarda shimoliy Malida mustaqil Azavad davlatini tuzishni maqsad qilgan FLA tuareg guruhi hamda “Al-Qoida”ga yaqin JNIM guruhi qatnashgani aytilmoqda. FLA jangchilari Anefisga kirib, ayrim armiya pozitsiyalarini egallaganini bildirdi.
Mali armiyasiga ko‘ra, 20 dan ortiq hujumchi yo‘q qilingan. Isyonchilar esa ayrim joylarda janglar davom etayotganini da’vo qilmoqda.
So‘nggi hujumlar Mali harbiy hukumati mamlakatning katta hududlarida xavfsizlikni ta’minlashda qiynalayotganini ko‘rsatmoqda. Mali shimolidagi qo‘zg‘olon 2012-yilda boshlangan va keyinchalik Burkina-Faso hamda Nigerga ham yoyilgan.
Qaynoq24.uz Myanmadagi portlashda kamida 55 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.


