Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamkorlar G‘azoni urush oqibatlaridan tiklashga ko‘maklashish uchun qariyb 900 mln yevro miqdoridagi moliyaviy yordam paketini shakllantirdi. Bu haqda Bryusselda o‘tkazilgan Falastin donorlar guruhi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, “Team Gaza” tashabbusi doirasida jami €883,6 mln yo‘naltiriladi. Mablag‘lar G‘azodagi dastlabki tiklash ishlarini moliyalashtirish, jumladan, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini qayta tiklash, vayronalarni olib chiqish, sog‘liqni saqlash hamda oziq-ovqat tizimlari faoliyatini tiklash uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Tashabbusda Yevropa komissiyasi, Jahon banki va Yevropa investitsiya banki bilan birga Ispaniya, Daniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Finlandiya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya, Yaponiya, Shveysariya, Shvetsiya va Belgiya ishtirok etmoqda. Avstraliya va Kanada ham keyinchalik loyihaga qo‘shilishi kutilmoqda. Hozircha tomonlarning har biri qancha mablag‘ ajratishi ochiqlanmagan.
Yig‘ilishda Falastin ma’muriyati bosh vaziri Muhammad Mustafo ham qatnashdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas blok Falastinning eng yirik donorlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining kelgusidagi yordami Falastin ma’muriyatida iqtisodiy va boshqaruv islohotlarini davom ettirish bilan bog‘liqligi qayd etildi.
Raqamlar nima deydi?
Ajratilayotgan mablag‘ G‘azoni to‘liq qayta qurish uchun talab etiladigan xarajatlarning kichik qismini tashkil qiladi. BMT, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi ishtirokida tayyorlangan 2026-yilgi tezkor baholash hisobotida hududni tiklash va qayta qurish uchun qariyb $71,4 mlrd zarurligi ko‘rsatilgan. Shundan $10,8 mlrd dastlabki sakkiz oy ichidagi kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar, yana $15,5 mlrd esa muhim xizmatlarni 18 oy davomida tiklash uchun talab etiladi.
Hisobotga ko‘ra, G‘azodagi qariyb 371,9 mingta uy, ya’ni jami uy-joy fondining 76,6 foizi urushdan zarar ko‘rgan. Shikastlangan uylarning 84,6 foizga yaqini butunlay vayron bo‘lgan. Taxminan 1,9 mln kishi o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan, 1,2 mln dan ortiq fuqaro esa uyidan ayrilgan.
Baholashda G‘azoda 68 mln tonnadan ortiq vayrona hosil bo‘lgani, ularni olib chiqish va zararsizlantirishning o‘zi $1,7 mlrd dan ko‘proq mablag‘ talab qilishi qayd etilgan. Eng katta xarajat uy-joylarni tiklashga to‘g‘ri keladi — bu yo‘nalish uchun $16,2 mlrd zarur.
Qaynoq24.uz AQSh osmono‘par binolarga ega «Yangi G‘azo» rejasini e’lon qilgani haqida yozgan edi.


