O‘zbekistonda ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetkaziladi. Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash, yangi loyihalarni jadallashtirish hamda sohani moliyaviy va texnologik jihatdan isloh qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi o‘n barobar oshib, 2,7 mlrd dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi. Shu davrda 7,7 mln aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suviga ega bo‘ldi, 11 mln kishining suv ta’minoti yaxshilandi, yana 1,1 mln aholi kanalizatsiya tizimiga ulandi.
Mamlakat bo‘ylab 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi yoki rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti hamda 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.
Kelgusi yillarda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini esa 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha 1,3 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi.
Prezident hududlardagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini qayd etdi. Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun 107 mlrd so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish uchun zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyatini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida tarmoq Termiz shahrigacha yetkazildi. Yil oxirigacha Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.
Hududlarda 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada ta’minot sifatini yaxshilash vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita xonadonlargacha tortish rejalashtirilgan.


