O‘zbekiston energetika tizimida ishlayotgan 106 ming xodim faoliyati uchun 10 ta asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi belgilanadi. Xodimlarning kundalik vazifalarini raqamli algoritmlar orqali boshqaradigan yagona tizim yaratilib, elektr va gaz ta’minoti sohasidagi ish jarayonlari sun’iy intellekt yordamida nazorat qilinadi.
Bugungi kunda «Hududiy elektr tarmoqlari» tizimida 25 ming, «Hududgazta’minot»da esa 16 ming xodim faoliyat yuritadi. Biroq ish jarayonlari yetarli darajada raqamlashtirilmagani sababli kompaniyalar rahbariyati xodimlarning kun davomida qanday vazifalarni bajarayotgani va resurslar qanchalik samarali taqsimlanayotganini real vaqt rejimida kuzata olmaydi.
Natijada sohadagi mehnat unumdorligi boshqa davlatlardagi ko‘rsatkichlardan 1,5–2 barobar past bo‘lib qolmoqda. Elektr va gaz tarmoqlarida yuzaga keladigan avariyalarni bartaraf etish uchun sarflanayotgan vaqt esa xorijiy tajribaga nisbatan 3–4 barobar ko‘p.
Muammoni hal qilish maqsadida Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil qilinadi. Yangi markaz energetika resurslarini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qiladi.
Shuningdek, markaz ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minoti tizimini «stress-audit»dan o‘tkazadi. Audit natijalari asosida energetika tarmog‘ini rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqilib, mavjud xavflar va tizimdagi zaif nuqtalarni oldindan aniqlash ko‘zda tutilgan.
Yangi raqamli tizim orqali har bir xodimning kunlik vazifalari belgilanadi, bajarilgan ishlar qayd etiladi va mehnat samaradorligi baholanadi. Bu rahbarlarga brigadalar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish, avariyalarga tezroq javob berish hamda ishchi kuchini zarur hududlarga samarali taqsimlash imkonini beradi.
Tizim qanday ishlaydi
Elektr energiyasi va gaz iste’molini avtomatik hisobga olishga mo‘ljallangan ASKUE hamda ASKUG tizimlaridagi ma’lumotlar ham sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Maxsus platforma iste’mol hajmidagi shubhali o‘zgarishlar, ehtimoliy yo‘qotishlar va hisoblagichlar faoliyatidagi noodatiy holatlarni aniqlaydi.
Energetika tizimidagi 106 ming xodim faoliyatini baholashda avariyaviy va rejali o‘chirishlar davomiyligi, energiya yo‘qotishlari, debitor qarzdorlik, mavjud quvvatlar rezervi hamda ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezonlar sifatida olinadi. Jami 10 ta KPI asosida korxonalar, hududiy bo‘linmalar va xodimlarning ish samaradorligi muntazam baholab boriladi.
Qaynoq24.uz energetika tizimida qator rahbarlar almashgani haqida yozgan edi.


