Oppo kompaniyasi Oppo A7 Pro Max smartfonining ilk rasmiy tizerini e’lon qilib, qurilma 10 000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishini tasdiqladi. Bu Oppo smartfonlari tarixidagi eng katta akkumulyator bo‘lishi kutilmoqda.
Tizerda smartfonning orqa qismi va kamera blokining dizayni ko‘rsatilgan. Tasvir ostidagi izohda batareya sig‘imidan tashqari, qurilma 80 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi ham qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta sig‘imli akkumulyatorga qaramay, Oppo A7 Pro Max korpusining qalinligi 8,47 mm, og‘irligi esa 226 grammni tashkil etadi. Bunga energiya zichligi yuqori bo‘lgan kremniy-uglerodli batareya texnologiyasi yordamida erishilgani aytilmoqda.
80 vattli quvvatlash orqali 10 000 mA/soatli batareyani taxminan 75 daqiqada to‘liq quvvatlash mumkinligi kutilmoqda. Biroq kompaniya hozircha rasmiy quvvatlash vaqti va smartfonning bir quvvat bilan necha kun ishlashiga oid aniq ko‘rsatkichlarni e’lon qilmagan.
Oppo A7 Pro Max’ning asosiy ustunligi uzoq ishlash muddati bo‘lishi kutilmoqda. Qurilmadan foydalanish jadalligiga qarab, smartfon bir marta quvvatlangandan so‘ng ikki yoki uch kun ishlashi mumkin.
Rasmiy tasvirlarda smartfonning orqa panelida biroz bo‘rtib chiqqan to‘rtburchak kamera bloki ko‘rinadi. Kameralar modulning chap tomonida, LED chirog‘i esa o‘ng qismida joylashtirilgan. Quvvat tugmasi va ovozni boshqarish tugmalari korpusning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan.

Yana nimalarni kutish kerak
Avvalgi ma’lumotlar va sinov platformalaridagi qaydlarga ko‘ra, Oppo A7 Pro Max 6,78 dyuymli, 1,5K aniqlikdagi OLED ekran bilan jihozlanishi mumkin. Displey 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi, barmoq izi skaneri esa ekran ostiga joylashtiriladi.
Smartfonda Qualcomm Snapdragon 4 Gen 5 protsessoridan foydalanilishi kutilmoqda. Mazkur chip yuqori unumdorlikdan ko‘ra energiya samaradorligiga yo‘naltirilgan bo‘lib, katta batareyali qurilmaning uzoq ishlash konsepsiyasiga mos keladi.
Qurilma 12 GB gacha tezkor va 512 GB gacha ichki xotira bilan taklif etilishi mumkin. Smartfon Android 16 operatsion tizimi asosidagi ColorOS 16 interfeysida ishlashi aytilmoqda.
Kamera tizimi 50 megapikselli asosiy va 2 megapikselli yordamchi sensordan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Old kamera ham 50 megapikselli modulga ega bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, modelda asosiy urg‘u kamera yoki flagman darajasidagi unumdorlikka emas, katta batareya va uzoq avtonom ishlashga qaratiladi.
Oppo hozircha A7 Pro Max’ning rasmiy taqdimot sanasi, narxi, sotuv bozorlari va yakuniy texnik xususiyatlarini oshkor qilmagan.
Qaynoq24.uz Oppo Reno 16 smartfonida qanday funksiyalar bo‘lishi haqida yozgan edi.


