BYD kompaniyasi Yaponiyada BYD Racco nomli ixcham elektromobilini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Xitoy ishlab chiqaruvchisining K-Car segmentiga kirgan ilk modeli bir quvvatlanishda 320 kmgacha masofa bosib o‘tadi va $13,1 mingdan taklif qilinadi.
Racco Yaponiyaning WLTC sinov sikli bo‘yicha 300 km chegaradan oshgan ilk to‘liq elektr K-Car sifatida taqdim etildi. Shu tariqa, mahalliy bozorda uzoq yillardan beri Nissan, Honda, Suzuki va Daihatsu kabi yapon kompaniyalari ustunlik qilib kelayotgan segmentga yangi xorijiy raqib kirib keldi.

Modelning iste’mol solig‘i hisobga olingan boshlang‘ich narxi 2,145 mln iyenani yoki qariyb $13,1 mingni tashkil etadi. Soliqsiz narx esa 1,95 mln iyena, ya’ni taxminan $11,9 mingga teng. Elektromobil Yaponiyada 150 ming iyenalik, qariyb $917 miqdoridagi davlat subsidiyasiga ham mos keladi.
BYD Racco mavjud Xitoy modeli asosida moslashtirilmagan, balki aynan Yaponiya K-Car talablari uchun ishlab chiqilgan. Avtomobilning uzunligi 3 395 mm, kengligi 1 475 mm va balandligi 1 800 mmni tashkil etadi. Ushbu o‘lchamlar Yaponiyada mazkur toifadagi avtomobillar uchun belgilangan qonuniy chegaralarga mos keladi.
Elektromobilning old o‘qiga o‘rnatilgan yagona elektr motori 20 kW yoki 27 ot kuchigacha quvvat hamda 110 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Ko‘rsatkichlar yuqori tezlikka emas, shahar ichida tejamkor va qulay harakatlanishga yo‘naltirilgan.

Texnik imkoniyatlar
Racco ikki xil Blade turidagi litiy-temir-fosfat batareya bilan taklif etiladi. Boshlang‘ich versiya 22,4 kWh sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanib, bir quvvatda 210 km masofa bosib o‘tadi. Yuqori komplektatsiyalarda esa 35,84 kWh batareya o‘rnatilgan bo‘lib, yurish zaxirasi 320 kmga yetadi.
Batareya 100 kWgacha quvvatdagi doimiy tokli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich Honda N-ONE e: va Nissan Sakura kabi mahalliy raqiblardan yuqori ekani qayd etilgan.
Orqa o‘rindiqlar to‘liq tekis holatga keltirilganda yukxona hajmi 1 372 litrgacha kengayadi. BYD hozircha Racco‘ning tijorat yoki yuk tashishga mo‘ljallangan alohida versiyasini e’lon qilmagan, biroq salon tuzilishi kelajakda bunday modifikatsiyani yaratish imkonini beradi.
Komplektatsiyaga qarab, avtomobil oyoq harakati bilan ochiladigan elektr surilma yon eshik, NFC smartfon kaliti, batareyani oldindan isitish, tashqi qurilmalarni elektr bilan ta’minlovchi V2L funksiyasi va 10,1 dyuymli markaziy ekran bilan jihozlanadi. Shuningdek, old o‘rindiqlar va rulni isitish, olti xavfsizlik yostiqchasi, shinalar bosimini nazorat qilish tizimi, elektr sozlanadigan haydovchi o‘rindig‘i hamda isitiladigan stakan tutqichi ko‘zda tutilgan.
Qaynoq24.uz BYD Da Han elektromobili namoyish etilgani haqida yozgan edi.


