BMW kompaniyasi Xitoy bozori uchun ishlab chiqilgan yangi BMW X5 L va elektr iX5 L krossoverlari haqidagi tafsilotlarni oshkor qildi. Uzaytirilgan modellar g‘ildirak bazasi bo‘yicha markaning flagman X7 krossoveridan ham kattaroq bo‘ldi.
Xitoy versiyalarida o‘qlar orasidagi masofa standart X5 bilan taqqoslaganda 130 mmga uzaytirilib, 3 165 mmga yetkazilgan. BMW X7’ning g‘ildirak bazasi esa 3 105 mmni tashkil etadi. Shu tariqa, X5 L bu ko‘rsatkich bo‘yicha flagman modeldan 60 mm ustun bo‘lib, ayniqsa orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun kengroq joy taklif qiladi.

Xitoy uchun mo‘ljallangan avtomobillar tashqi dizayni bilan ham global versiyalardan ajralib turadi. Standart jihozlar tarkibidagi X shaklidagi kunduzgi chiroqlar olib tashlanib, qo‘shimcha variantga aylantirilgan. Faralar va radiator panjarasi orasiga yangi LED tasma o‘rnatilgan, old bamper shakli qayta ishlangan hamda maxsus g‘ildirak disklari tayyorlangan.
Salonning old qismida yangi o‘rindiqlardan foydalanilgan. Old yo‘lovchi o‘rindig‘ining holatini markaziy konsoldagi boshqaruv paneli orqali sozlash mumkin. Orqa qatorda oyoqlarni uzatib dam olish imkonini beruvchi ikkita ottomankali divan joylashtirilgan.
Orqa eshik panellariga avtomobilning ayrim funksiyalarini boshqaruvchi sensorli ekranlar o‘rnatilgan. Shuningdek, 7-Series sedaniga o‘xshash tarzda tom qismida 8K aniqlikdagi katta ko‘ngilochar displey paydo bo‘lgan.

BMW X5 L va iX5 L uchun haydovchiga ko‘maklashuvchi elektron tizimlarni Xitoyning Momenta kompaniyasi yetkazib beradi. Mahalliy startap ishlab chiqqan majmua avtomobilning ayrim harakat vazifalarini avtomatik bajarishiga yordam beradi. Biroq tizimning aniq imkoniyatlari hozircha oshkor qilinmagan.
BMW yangi modellarning kuch qurilmalari haqida ham batafsil ma’lumot bermadi. Kompaniya faqat elektr iX5 L Xitoyning CLTC sinov sikli bo‘yicha bir quvvatlanishda 1 000 kmgacha masofa bosib o‘ta olishini bildirdi.
Yangi X5 L va iX5 L’ning sotuvga chiqish sanasi, komplektatsiyalari hamda narxlari hozircha e’lon qilinmagan.
Qaynoq24.uz yangi BMW X5 avtomobili rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.


