BYD kompaniyasi Xitoy bozorida sotuvga chiqarishga tayyorlanayotgan BYD Sealion 08 yirik krossoverining salonini namoyish etdi. Uzunligi 5,1 metrdan oshadigan model besh va olti o‘rindiqli variantlarda taklif qilinadi. Olti o‘rindiqli versiyada ikkinchi qatorda ikkita alohida o‘rindiq, uchinchi qatorda esa yana ikki yo‘lovchi uchun joy mavjud.
Avtomobil saloniga katta markaziy multimedia ekrani, raqamli asboblar paneli va uzatmalar selektori rul ustuniga joylashtirilgan uch spitsali rul o‘rnatilgan. Markaziy tunnelda smartfonni simsiz quvvatlash maydonchasi, jismoniy tugmalar hamda yashirin saqlash bo‘limi mavjud. Ikki darajali fon yoritgichi va chig‘anoq shaklidagi eshik tutqichlari modelning dengiz mavzusidagi dizaynini davom ettiradi.

Ikkinchi qatordagi alohida o‘rindiqlar oyoq tayanchlari, isitish va shamollatish funksiyalariga ega. O‘ng tomondagi o‘rindiqda «nol gravitatsiya» rejimi ko‘zda tutilgan. Orqa yo‘lovchilar uchun buklanadigan stol, shiftga o‘rnatilgan katta ekran, alohida iqlim boshqaruvi hamda USB Type-A va Type-C portlari ham taqdim etiladi. Salon shiftiga zamshga o‘xshash material, o‘rindiqlarga esa charm qoplama ishlatilgan.
BYD Sealion 08’ning uzunligi 5 115 millimetr, kengligi 1 999 millimetr va balandligi 1 800 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 030 millimetrga teng. Krossover orqa g‘ildiraklarni burish tizimi, ikki kamerali pnevmatik osma va shahar hamda magistrallarda avtomatik harakatlanishga yordam beradigan DiPilot 5.0 tizimi bilan jihozlanadi.

Modelning to‘liq elektr versiyasiga 92,1 yoki 115,1 kVt·soat sig‘imli batareya o‘rnatiladi. Orqa uzatmali variantlar 429 yoki 496 ot kuchiga, ikki motorli to‘liq uzatmali versiya esa 784 ot kuchiga ega bo‘ladi. CLTC standartida yurish zaxirasi modifikatsiyaga qarab 710–900 kilometrni tashkil etadi.
Sealion 08 plagin-gibrid kuch qurilmasi bilan ham ishlab chiqariladi. Ushbu variant 154 ot kuchiga ega 1,5 litrli benzin dvigateli va 268 ot kuchili elektr motorini birlashtiradi.
Qaynoq24.uz BYD Racco avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.


