Tramp: Eron bilan muzokaralar 3-avgustda boshlanadi

Foto: PBS
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar 3-avgust, dushanba kuni tushdan keyin boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Uning aytishicha, Vashington Tehronga qarshi «keng ko‘lamli» harbiy zarbalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lgan, biroq Eron va AQSHning Yaqin Sharqdagi hamkorlari hujumni kechiktirishni so‘ragan.

Tramp Air Force One samolyotida jurnalistlarga bergan izohida tomonlar kelishuvga erishish imkoniyatini muhokama qilayotganini bildirdi. AQSH prezidenti muzokaralarning qayerda o‘tkazilishi va ularda kimlar qatnashishini ochiqlamadi. Shuningdek, u bitim tuzish uchun aniq muddat belgilanmaganini qayd etdi.

AQSH rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar vakillari ham Vashingtonni dam olish kunlari Eronga zarba bermaslikka chaqirgan. Tramp Hormuz bo‘g‘ozi hamda Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish ehtimoli mavjudligini ta’kidladi.

Biroq Eronning yarim rasmiy Mehr agentligi Tehron AQSHdan harbiy harakatlarni to‘xtatishni so‘ragani haqidagi bayonotni rad etdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Ummon vositachiligida Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashganini ma’lum qilgan.

Trampning bayonotidan keyin jahon bozorida neft narxlari pasaydi. Osiyo savdolarida Brent markali neft 4,5 foizga arzonlashib, bir barrel uchun $83,98 ga tushdi. AQSHning WTI nefti esa 4,6 foizga pasayib, $80,74 ni tashkil etdi.

Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon bozoriga yetkazib beriladigan xom neft va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 20 foizi tashiladi. Shu sababli hududdagi harbiy keskinlik va kemalar qatnovidagi uzilishlar energiya narxlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qaynoq24.uz Donald Tramp va Netanyaxu Eron bo‘yicha muhokama qilgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.