Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi Qozog‘istonda LGBТ targ‘ibotini taqiqlovchi tuzatishni ma’qulladi. Bu haqda mahalliy Tengrinews nashri xabar bermoqda.
Mazkur o‘zgartish Senat tomonidan ma’qullanib, Prezident tomonidan imzolansa, mamlakatda filmlar, reklama va ijtimoiy tarmoqlarda LGBТga oid targ‘ibot to‘liq taqiqlanishi mumkin.
Tuzatishda bolalarni sog‘lig‘i va rivojiga zarar yetkazadigan axborotni cheklash maqsad qilingani aytiladi. Pedofiliya va noan’anaviy jinsiy orientatsiyani targ‘ib qiluvchi kontentni ommaviy axborot vositalari, internet va telekommunikatsiya tarmoqlarida tarqatish taqiqlanadi.
Bu taqiq mamlakatda LGBТ vakillarining shaxsiy hayotiga aralashmaydi, faqat ommaviy targ‘ibotni cheklaydi.
Yangi tartib ommaviy tadbirlarga ham tatbiq etiladi. 2024–2025-yillarda LGBТ targ‘ibotiga qarshi pettisiyalar 50 mingdan ortiq imzo to‘plab, hukumatda ko‘rib chiqilgan edi.
Manbaning qayd etishicha, Senatning qarori va Prezidentning imzosidan so‘ng yangi cheklovlar rasmiy ravishda kuchga kiradi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Qozog‘istonda 2,5 ming yillik sak jangchisining qabri topilgani haqida yozgan edi.

