Efiopiyada xavfli Marburg virusi tarqaldi

Foto: Mayk Xatchings/Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Efiopiyaning janubiy hududida Marburg virusi aniqlangani tasdiqlandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, hozircha kamida to‘qqiz nafar bemorda ushbu xavfli virus qayd etilgan.

Marburg virusi dunyodagi eng xavfli infeksiyalardan biri hisoblanadi. U Ebola kabi yuqadi va tanada kuchli qon ketishi, yuqori isitma, qusish hamda ich ketishiga olib keladi. Virusning yashirin davri 21 kun bo‘lib, o‘lim darajasi 25 foizdan 80 foizgacha yetadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus juma kuni Janubiy Efiopiyada kamida to‘qqizta holat aniqlanganini tasdiqladi. Bu Afrika CDC tomonidan mintaqada gemorragik virusdan shubha qilinganidan ikki kun o‘tib ma’lum qilindi.

Afrika CDCning qayd etishicha, virus Efiopiya Milliy referens laboratoriyasi tomonidan tasdiqlangan. Hozirda epidemiologik tekshiruvlar davom etmoqda va aniqlangan shtamm ilgari Sharqiy Afrikada uchragan virus turlariga o‘xshash.

Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari Jinka hududida tarqalishni tezda tasdiqlab, uni jilovlash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Afrika CDC esa Efiopiya bilan hamkorlikda virusning boshqa davlatlarga tarqalish xavfini kamaytirishga harakat qiladi.

Bu yilning boshida Tanzaniyada Marburg virusi bo‘yicha epidemiyada 10 kishi halok bo‘lgan edi. Rwanda 2024-yil oxirida o‘z hududida kuzatilgan ilk epidemiyani to‘xtatganini ma’lum qilgan, o‘shanda 15 kishi vafot etgan.

Marburg virusiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki antiviral dori yo‘q. Biroq bemorga og‘iz orqali yoki tomir orqali suyuqlik berish va simptomlarni zararsizlantirish uning omon qolish imkoniyatini oshiradi. O‘tgan yili Rwanda AQShdagi Sabin Vaccine Institute tomonidan tayyorlangan tajribaviy vaksinani sinovdan o‘tkazgan edi.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Indoneziyadagi ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 nafarga yetgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.