Olimlar qarishni sekinlashtiruvchi maxsus immun hujayrasini aniqladi

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Isroillik olimlar tomonidan qarishni sekinlashtiruvchi maxsus immun hujayrasi aniqlandi. Bu haqda Sciencealert.com xabar bermoqda.

Ben-Gurion Negev universiteti olimlari organizmda yosh o‘tishi bilan to‘planadigan va to‘qimalarga zarar yetkazuvchi senescent hujayralarni yo‘q qilishning yangi usulini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, CD4 turidagi immun hujayralar tanada biologik qarish belgilarini sezganda o‘zini qotilga aylantirib, zararli to‘qimalarni yo‘q qila boshlaydi.

Bu hujayralar CD4-Eomes deb ataladi. Ular ilgari ham qayd etilgan, biroq yangi tadqiqot ularning aynan qarish jarayoni va senescent hujayralar bilan molekulyar darajada bevosita bog‘liq ekanini birinchi marta aniq ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar bu hujayralarni qarilikni jilovlovchi asosiy mexanizm deb atamoqda.

Senescent, ya’ni “zombi” hujayralar yangilanmaydi, bo‘linmaydi, ammo baribir yallig‘lanishni kuchaytiradigan moddalarni ishlab chiqarishni davom ettiradi. Avvalgi ilmiy ishlar qarilik yaqinlashganda organizmdagi bu turdagi hujayralarni yo‘q qiluvchi immun tizimi faollashishini ko‘rsatgan.

Tadqiqot davomida olimlar yosh va qari sichqonlarning immun hujayralarini solishtirdi. Shundan so‘ng ikki muhim xulosa aniqlandi. Birinchisi — CD4-Eomes hujayralarining faollashuvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri senescent hujayralar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Ikkinchisi — agar sichqonlarda CD4-Eomes funksiyasi genetik ravishda o‘chirib qo‘yilsa, zararli hujayralar yanada ko‘payib ketadi. Bu mexanizm qarishga qarshi tabiiy “himoya tizimi” borligini ko‘rsatadi.

Tajribalarda jigar sirrozi modeli ham sinovdan o‘tkazildi. CD4-Eomes mavjud bo‘lgan sichqonlarda to‘qima shikastlanishi kamaygani va senescent hujayralar sezilarli ravishda kamaygani aniqlandi.

Olimlar fikricha, immun tizimi vaqt o‘tishi bilan qarishga moslashadi. Shu bois ba’zi anti-aging nazariyalari, masalan, immun tizimini 20 yoshdagidek holatga qaytarish kerakligi haqidagi qarashlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Mutaxassislar hozircha bu jarayonlar odam organizmida ham xuddi shunday kechadimi yoki yo‘qmi — buni aniqlash ustida ishlamoqda.

Kelajakda CD4-Eomes hujayralarini kuchaytirish orqali tanadagi senescent hujayralarni qisqartirish va qarish jarayonini sekinlashtirish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Biroq bunga erishish uchun immun tizimi mexanizmlarini chuqurroq o‘rganish talab etiladi.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri og‘iz bo‘shlig‘i uchun eng kuchli himoya vositasi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.