Redmi va Poco brendlarining navbatdagi arzon segmentga mo‘ljallangan smartfonlari – Redmi A7 Pro va Poco C81 ilk bor sertifikatlash platformalarida ko‘rinish berdi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Qurilmalar jihozlanishi deyarli bir xil bo‘lishi kutilmoqda, faqat turli bozorlar uchun mo‘ljallanishi mumkin.
IMEI ma’lumotlariga ko‘ra, Redmi A7 Pro modeli 25128RN17A, Poco C81 esa 25128RN17G identifikatori ostida ro‘yxatdan o‘tgan. Model nomlarining o‘xshashligi kompaniyaning ikkita qurilmani bitta platformaga asoslab ishlab chiqqanini ko‘rsatadi. Qiziq jihati – Xiaomi Redmi A6 seriyasini butunlay o‘tkazib yuborib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri A7 Proga o‘tmoqda. Poco C81 esa Poco C71’ning vorisi sifatida taqdim etilishi kutilmoqda.

Asosiy texnik xususiyatlar
Sertifikatlarda keltirilishicha, ikkala smartfon ham qariyb 7 dyuymli IPS LCD displeyga ega bo‘ladi. Old panelda waterdrop uslubidagi kamera tirqishi qo‘llaniladi – 2025 yil uchun klassik budjet dizayn.
Mahalliy manbalarning yozishicha, qurilmalar Unisoc T7250 (12 nm) chipseti bilan jihozlanadi. Grafik qismida Mali-G57 GPU, operativ xotira esa 4 GB LPDDR4X gacha, ichki xotira 64 GB yoki 128 GB eMMC formatida bo‘lishi kutilmoqda. Dasturiy qismda Android 15 yoki Android 15 Go Edition ishlatilishi ehtimoli yuqori.

Batareya va quvvatlanish
Smartfonlarning asosiy e’tiborga molik jihati – 6000 mAs sig‘imli katta batareya. Biroq quvvatlanish tezligi 15 Vt bilan chegaralanadi, USB-C orqali zaryadlanadi. Sertifikat hujjatlarida zaryadlagich qutiga kiritilmasligi mumkinligi qayd etilgan.
Kameraga doir aniq ma’lumot berilmagan, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bitta orqa kamera moduli bilan minimalistik yechim taklif etiladi.
Qaynoq24.uz Redmi Note 15 5G taqdim etilgani haqida yozgan edi.

