Kolumbiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turida AQSh prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan o‘ng qanot nomzodi Abelardo de la Espriella g‘alaba qozongani ma’lum qilindi.
Milliy fuqarolik reyestri boshqarmasining norasmiy natijalariga ko‘ra, saylov uchastkalarining 99,91 foizidagi ovozlar hisoblab chiqilgan. Unga ko‘ra, Vatan himoyachilari harakati nomzodi Espriella 49,65 foiz ovoz olgan. Hukmron Tarixiy pakt ittifoqining chap qanot nomzodi Ivan Sepeda esa 48,70 foiz ovoz to‘plagan.
Norasmiy natijalarga ko‘ra, ikki nomzod o‘rtasidagi farq 0,30 foiz atrofida bo‘lgan. Ovozlar soni bo‘yicha farq 246 ming 355 tani tashkil etgan. Saylovda ishtirok etish darajasi 61,5 foiz bo‘lgani bildirilgan.
Abelardo de la Espriella saylov natijalarini Kolumbiyaning Karibbo‘yi mintaqasidagi Barrankilya shahrida kuzatgan. U X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida g‘alaba qozonganini e’lon qildi.
Espriella o‘z bayonotida qurolli bosimlar, ovoz sotib olishga urinishlar, an’anaviy partiyalar, korrupsiya va partizan guruhlariga qarshi g‘alaba qozonganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu saylovda Kolumbiya g‘alaba qozongan.
Amaldagi prezident Gustavo Petro esa natijalarni tan olmadi. U X’dagi bayonotida ovozlarni sanash jarayonida ayrim qonunbuzarliklar bo‘lganini ta’kidladi.
Petroning aytishicha, hech bir nomzod o‘zini prezident deb e’lon qila olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning navbatdagi prezidentini faqat rasmiy huquqiy hisob-kitob jarayoni aniqlaydi. U sud organlari qaroriga bo‘ysunishini bildirdi va fuqarolarni xotirjamlikka chaqirdi.
Petro Kolumbiya jamiyati deyarli teng ikkiga bo‘linganini aytib, mamlakat erkinligiga ta’sir qilayotgan xorijiy aralashuvlar haqida ham gapirdi. U yaqin yillarda vatan va tinchlikni saqlab qolish uchun milliy kelishuv zarurligini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham Espriellaning g‘alabasiga munosabat bildirdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘ng qanot nomzodini qo‘llab-quvvatlagani qayd etilgan xabarni ulashib, Espriella “ajoyib tarzda g‘alaba qozonganini” yozdi.
Argentina prezidenti Xavyer Miley ham Espriellani tabrikladi. U “yo‘lbars” laqabi bilan tanilgan kolumbiyalik siyosatchining g‘alabasini tarixiy deb atadi. Mileyning fikricha, kolumbiyaliklar iqtisodiy erkinlik, farovonlik va xavfsizlik foydasiga tanlov qilgan.
Qaynoq24.uz Kolumbiyada harbiy samolyot halokatga uchragani haqida yozgan edi.


