Motorola Hindistonda Motorola Edge 70 Max smartfonini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Yangi model flagman darajasidagi protsessor, 144 Gts chastotali ekran, sun’iy intellekt imkoniyatlari va kompaniya smartfonlari tarixidagi eng katta — 7100 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan.
Motorola Edge 70 Max model qatorida Edge 70 Pro+ va Edge 70 Signature smartfonlari oralig‘idan joy olgan. Qurilmaga 6,8 dyuymli Quad HD+ Extreme AMOLED LTPO displeyi o‘rnatilgan. Ekran yangilanish chastotasini 144 Gts gacha moslashtira oladi, sensorli qatlamning javob tezligi esa 360 Gts ni tashkil etadi. Displeyning maksimal yorqinligi 7000 nitgacha yetadi. Shuningdek, u Dolby Vision va HDR10+ texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Gorilla Glass 7i oynasi bilan himoyalangan.
Smartfon Qualcomm Snapdragon 8 Gen 5 protsessorida ishlaydi. U 12 GB gacha LPDDR5X tezkor xotira va 256 GB UFS 4.1 ichki xotira bilan taklif etiladi. Qurilma yuqori yuklama ostida qizib ketmasligi uchun 5500 kvadrat millimetrli bug‘ kamerasi hamda umumiy maydoni 29 550 kvadrat millimetrni tashkil etuvchi sovitish tizimi o‘rnatilgan.
Edge 70 Max’ning asosiy xususiyatlaridan biri 7100 mA·soat sig‘imli to‘rtinchi avlod kremniy-uglerod batareyasidir. Shunga qaramay, smartfon korpusining qalinligi 8,29 millimetrni tashkil etadi. Qurilma 90 vattli TurboPower simli quvvatlash, 25 vattli Qi2 magnitli simsiz quvvatlash va 5 vattli teskari simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qi2 tizimi MagSafe aksessuarlari bilan ham mos keladi.

Qo‘shimcha imkoniyat
Smartfonning asosiy kamerasi optik barqarorlashtirish tizimiga ega 50 megapikselli Sony LYTIA-710 sensoridan iborat. Unga makrosuratga olish imkoniyatini ham qo‘llab-quvvatlovchi 8 megapikselli ultra keng burchakli kamera hamrohlik qiladi. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun old tomonga 32 megapikselli kamera joylashtirilgan.
Motorola Edge 70 Max Android 16 asosidagi Hello UX interfeysida ishlaydi. Kompaniya smartfon uchun Android operatsion tizimining uchta yirik yangilanishi va besh yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan.
Qurilma Wi-Fi 7, Dolby Atmos texnologiyali stereodinamiklar va Snapdragon Sound tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon MIL-STD-810H harbiy chidamlilik standartiga, shuningdek, chang va suvdan himoya qiluvchi IP66, IP68 va IP69 sertifikatlariga ega.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 Pro smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.


