Xiaomi tarkibidagi Redmi kompaniyasi Redmi 12 000 mA/soat batareyali smartfon ustida ishlamoqda. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Xitoylik insayderlarga ko‘ra, kompaniya 12 000 mAh sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan qurilmani sinovdan o‘tkazmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi modelda yuqori zichlikka ega kremniy asosidagi batareya texnologiyasi qo‘llanadi. Bu esa sig‘imni keskin oshirish bilan birga, qurilmaning qalinligini sezilarli darajada kattalashtirmaslik imkonini beradi.
Shuningdek, kompaniya laboratoriyalarida undan ham katta sig‘imli batareyalar ustida tajribalar olib borilmoqda. Yangi qurilma kuchli protsessor bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bu esa katta batareya faqat byudjet segmenti uchun emas, balki yuqori unumdor smartfonlarda ham qo‘llanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Rasmiy nomi hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ekspertlar bu model Redmi Turbo 6 Max bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Sababi, hozirgi Redmi Turbo 5 Max allaqachon 9 000 mAh batareya bilan kompaniya rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, yaqin oylarda Redmi Note 17 seriyasi ham taqdim etilishi kutilmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uning Pro Max versiyasida 10 000 mAh batareya bo‘lishi mumkin. Biroq flagman modellarda batareya sig‘imi odatda 10 000 mAh’dan oshmasligi taxmin qilinmoqda.
Shu sababli 12 000 mAh batareyali model aynan Turbo liniyasida paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qurilma 2027-yilning birinchi choragida taqdim etilishi mumkin.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 Pro Max 10 000 mA/soat batareya bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

