Xiaomi kompaniyasining Redmi Note 17 Pro smartfoni Giztop internet-do‘konida sotuvga chiqarildi. Qurilmaning boshlang‘ich narxi $299 etib belgilangan.
Smartfon 2772 × 1280 piksel aniqlikdagi 6,83 dyuymli FHD+ AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekranning maksimal yorqinligi 3500 nitga yetadi, bu esa quyoshli havoda ham tasvirni aniq ko‘rish imkonini beradi. Displey HDR10+, 3840 Gs chastotali PWM xiralashtirish va DC Dimming texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Sensorning standart javob berish chastotasi 240 Gsni, tezkor rejimda esa 3200 Gsni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar interfeys bo‘ylab harakatlanish va mobil o‘yinlarda boshqaruvning yanada tez ishlashini ta’minlaydi.
Redmi Note 17 Pro sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 6s Gen 4 protsessori asosida ishlaydi. Chip kundalik vazifalar, video tomosha qilish, o‘yinlar va bir vaqtning o‘zida bir nechta ilovadan foydalanish uchun mo‘ljallangan. Qurilma Android 16 asosidagi Xiaomi HyperOS 3 operatsion tizimi bilan yetkazib beriladi.
Smartfonning asosiy kamerasi 50 MP aniqlikdagi sensor hamda portret suratlar uchun mo‘ljallangan 2 MP chuqurlik sensoridan iborat. Old panelda videomuloqot va selfi suratlar uchun 8 MP kamera joylashtirilgan.
Modelning asosiy xususiyatlaridan biri 9000 mA·soat sig‘imli akkumulyator hisoblanadi. Batareya 67 Vt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 22,5 Vt quvvatli simli teskari zaryadlash funksiyasi orqali boshqa mos qurilmalarni quvvatlantirish mumkin.
Redmi Note 17 Pro ikkita SIM-karta, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.4 va NFC 3.0 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada 3,5 millimetrli quloqchin porti va maishiy texnikani boshqarish imkonini beruvchi infraqizil sensor ham saqlab qolingan.
Giztop’da smartfonning bir nechta tezkor va ichki xotira konfiguratsiyalari taklif qilinmoqda. Internet-do‘kon qurilmani xalqaro bozorlarga yetkazib berishini ma’lum qilgan.
Qaynoq24.uz Redmi 17 4G 7500 mA/soatli batareyaga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.


