Tailand 90 dan ortiq davlat uchun vizasiz qolish muddatini qisqartiradi

Foto: Pexels / Viktor Solomonik
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Tailand hukumati 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz qolish muddatini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

2024-yil iyuldan beri 93 davlat fuqarolari Tailandga vizasiz kirib, 60 kungacha qolishi mumkin edi. Bu tartib pandemiyadan keyin turizmni tiklash va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy qilingan. Biroq hukumat seshanba kuni ushbu imtiyozni bekor qilish rejasini ma’qulladi. Endi vizasiz qolish muddati har bir davlat bo‘yicha alohida belgilanadi.

Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakulga ko‘ra, amaldagi tartib iqtisodiyot va milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. 60 kunlik vizasiz tartibdan Avstraliya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Ispaniya, AQSh va boshqa davlatlar fuqarolari foydalangan.

Foto: EPA

Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davlatlarning ko‘pchiligi fuqarolari 30 kundan ortiq qolish uchun viza rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Ayrim davlatlar uchun muddat 30 kundan kam yoki ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bu ikki tomonlama kelishuvlarga bog‘liq.

Yangi tartib Royal Gazette’da e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib kuchga kiradi. Tailand Tashqi ishlar vazirligi yangi tizim bir davlatga nisbatan bir nechta vizasiz tartib qo‘llanishi bilan bog‘liq chalkashliklarni kamaytirishini bildirdi.

So‘nggi oylarda mamlakatda xorijliklar bilan bog‘liq bir nechta shov-shuvli jinoyat ishlari qayd etildi. Ular orasida giyohvand moddalar va odam savdosi bilan bog‘liq holatlar ham bor. Aprelda Bangkokda litsenziyasiz xalqaro maktabda reyd o‘tkazilgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, u yerda ishlash ruxsatisiz faoliyat yuritgan 10 nafar xorijlik qo‘lga olingan. Tailand Osiyodagi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Turizm mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biridir.

2019-yilda Tailandga qariyb 40 mln sayyoh borgan. Pandemiya davrida bu ko‘rsatkich keskin pasaygan. So‘nggi ikki yilda esa turizm oqimi tiklana boshladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon mamlakatga qariyb 12 mln sayyoh tashrif buyurgan.

Qaynoq24.uz Tailandda yovvoyi fil turistni bosib o‘ldirgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.