Samsung flagman smartfonlaridagi asosiy kamchiliklardan biri bo‘lgan batareya texnologiyasini yangilashga yaqin turibdi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya kremniy-uglerod (Si-C) batareyalar ustida faol ishlamoqda va bu texnologiya ilk bor Galaxy S27 Ultra modelida paydo bo‘lishi mumkin.
Hozircha Samsung bu borada Xitoy brendlaridan ortda qolmoqda. Ular allaqachon Si-C batareyalarga o‘tgan. Bu texnologiya yuqori energiya zichligini ta’minlaydi. Natijada smartfon qalinlashmasdan katta sig‘imga ega bo‘ladi. Masalan, Galaxy S26 Ultra’da hali ham 5 000 mAh batareya ishlatilmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, Samsung SDI ichki sinovlarda 12 000 mAh dan 20 000 mAh gacha bo‘lgan Si-C batareyalarni tekshirmoqda. Eng qiziqarli variantlardan biri ikkita elementli tizim hisoblanadi. Unda 6 800 mAh va 5 200 mAh batareyalar birlashtiriladi. Shu konfiguratsiyaning kichikroq versiyasi Galaxy S27 Ultra’ga joylashtirilishi mumkin.
Biroq asosiy muammo hali ham chidamlilik bo‘lib qolmoqda. 20 000 mAh batareya taxminan 960 ta zaryad siklidan keyin yaroqsiz holga kelgan. Bozor talablari esa kamida 1 500 siklni talab qiladi. Shu sababli bu texnologiya hali Galaxy S26 seriyasida qo‘llanmagan.
Hozir Samsung muhandislari separator materiallari, ichki tuzilma va boshqaruv tizimlarini yaxshilash ustida ishlamoqda. Maqsad — batareya umrini oshirish va uni tijoriy darajaga olib chiqish.
Kompaniya avvalroq batareya texnologiyasida ortda qolganini tan olgan edi. Bu esa yaqin yillarda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishidan darak beradi. Agar muammolar hal qilinsa, Galaxy S27 Ultra Samsung tarixidagi eng katta yangilanishlardan biriga aylanishi mumkin.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S25 FE smartfoni arzonlagani haqida yozgan edi.

