Kia Niro avtomobili taqdim etildi — foto

Foto: Kia
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

Kia kompaniyasi tomonidan Yevropa bozori uchun yangilangan Kia Niro avtomobili namoyish qilindi. Model endi faqat gibrid kuch qurilmasi bilan taklif etiladi.

Yangi Kia Niro Yevropada oddiy va qulay elektrlashtirilgan avtomobil sifatida joylashtirilmoqda. Model past yoqilg‘i sarfi va kamroq chiqindi istagan, lekin avtomobilni quvvatlashga ehtiyoj sezmaydigan haydovchilarga mo‘ljallangan.

Kia Europe vakili Pablo Martinez Masipning aytishicha, gibrid texnologiya Yevropada samarali va kam chiqindili harakatlanish uchun muhim yechim bo‘lib qolmoqda. U yangi Niro an’anaviy haydash qulayligini saqlagan holda chiqindilarni kamaytirishni istagan mijozlar uchun amaliy tanlov ekanini ta’kidladi.

Kia Niro avtomobili taqdim etildi — foto
Foto: Kia

Kia’ning bu qarori EV3 modelining bozorga kirishi bilan ham bog‘liq. EV3 to‘liq elektr avtomobil sifatida Niro EV bilan bir segmentda raqobat qilishi mumkin edi. Shu sabab kompaniya elektr yo‘nalishini EV3’ga qoldirib, Niro‘ni faqat gibrid model sifatida rivojlantirishni tanladi.

Niro Yevropada Kia uchun muhim modellardan biri hisoblanadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, model ishlab chiqarila boshlaganidan beri qit’ada 620 ming dona sotilgan. Gibrid versiya esa xaridorlar orasida eng ko‘p talab qilingan variant bo‘lgan.

Yangilangan Kia Niro 1,6 litrli GDI benzin dvigateli va elektr motor bilan jihozlangan. Ichki yonuv dvigateli 75 kW, elektr motor esa 32 kW quvvat beradi. Umumiy quvvat 138 PS yoki 141 ot kuchiga teng. Model 6 pog‘onali ikki muftali uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.

Avtomobilning maksimal tezligi 170 km/soatni tashkil etadi. U 0 dan 100 km/soatgacha 11,3 soniyada tezlashadi. Kia bu ko‘rsatkichlarni shahar va trassa uchun muvozanatli yechim sifatida ko‘rsatmoqda.

Ichki qismi

Salon ham yangilangan. Niro 12,3 dyuymli raqamli panel va 12,3 dyuymli multimedia ekrani bilan jihozlanadi. Modelda simsiz Apple CarPlay va Android Auto, OTA yangilanishlari, Digital Key 2.0, proyeksion displey va simsiz quvvatlash imkoniyati mavjud.

Foto: Kia

Kia xavfsizlik tizimlarini ham kengaytirgan. Yangi Niro‘da Forward Collision-Avoidance Assist, Highway Driving Assist 2.0, Blind-Spot Collision-Avoidance Assist va Intelligent Speed Limit Assist kabi tizimlar bor. Shuningdek, avtomobil Remote Smart Parking Assist funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangilangan Kia Niro Yevropada elektrlashtirilgan avtomobilga o‘tishni istagan, ammo to‘liq elektromobil tanlashga tayyor bo‘lmagan xaridorlar uchun taklif qilinmoqda. Kompaniya modelni sodda, tejamkor va kundalik foydalanish uchun qulay gibrid krossover sifatida ko‘rsatmoqda.

Qaynoq24.uz oila uchun eng yaxshi 5 avtomobil haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.