Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatda xalqaro internetga kirishni tiklash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Eronning Fars davlat agentligi xabar qildi.
Qaror maxsus ishchi guruh muhokamasidan keyin qabul qilingan. Ushbu guruh avvalroq aholiga internetdan foydalanish imkoniyatini qaytarish tarafdori bo‘lgan. Hozircha raqamli blokada qachon to‘liq bekor qilinishi aniq aytilmagan. Eron OAV may oyi o‘rtalarida cheklovlar 5-iyun kuni olib tashlanishi mumkinligini yozgan edi.
Eronda global internetga kirish 28-fevraldan keyin cheklangan. Bu AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng yuz bergan. Shundan keyin qariyb 90 mln eronlik faqat “milliy internet”dan foydalana olgan. Bu tizim orqali faqat davlat tomonidan ruxsat berilgan saytlarga kirish mumkin bo‘lgan.
Tehron hukumati avval ham internetni cheklagan. Jumladan, 2026-yil yanvar oyidagi hukumatga qarshi noroziliklar fonida ham internet uzib qo‘yilgan edi. Raqamli blokada Eron aholisi uchun jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelgan. Ayniqsa, onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar katta zarar ko‘rgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cheklovlar taxminan 1 mln eronlikning daromadiga salbiy ta’sir qilgan. Ularning ko‘pchiligi internet orqali savdo va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullangan. Eron hukumati internet blokadasini milliy xavfsizlik zarurati bilan izohlagan. Rasmiylar cheklovlar urush sharoitida xavfsizlikni ta’minlash uchun joriy etilganini bildirgan.
Biroq ayrim kuzatuvchilar bu choralar boshqa maqsadga ham xizmat qilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ularning fikricha, Tehron urush oqibatidagi real zarar miqyosini yashirishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Qaynoq24.uz Donald Tramp Erondan boyitilgan uranni yo‘q qilishni talab qilgani haqida yozgan edi.

