Armaniston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan aloqalarni uzish masalasini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Mher Grigoryan Ostona shahrida “Vesti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Jurnalist undan Armaniston YeOII bilan aloqalar qisqarsa yoki uzilsa, iqtisodiyotga yetadigan zarar hisoblab chiqilganmi, deb so‘radi.
“Bizda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan aloqalarni uzish masalasi kun tartibida yo‘q. Shunga ko‘ra, hozircha bunday hisob-kitoblarni qilishga zarurat ko‘rmayapmiz”, dedi Mher Grigoryan.
Uning bayonoti Yerevan va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar fonida yangradi. So‘nggi vaqtlarda Armaniston rahbariyatining Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish bo‘yicha qadamlari Rossiya tomonidan tanqid qilinmoqda.
30-may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin Moskvaga maslahatlashuvlar uchun chaqirilganini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu qaror Armaniston rahbariyatining Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yo‘lidagi harakatlari bilan bog‘liq. Moskva bunday qadamlar YeOII doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazayotganini bildirdi.
Avvalroq Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi yig‘ilishi yakunida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston qo‘shma bayonot qabul qilgan edi.
Unda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish rejalariga munosabat bildirilgan. Tomonlar Yerevanni YeOII va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tanlov bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirgan.
Shuningdek, YeOII davlatlari keyingi yig‘ilishda Armanistonning ittifoqdan chiqishi ehtimoliy oqibatlari bo‘yicha hisobotni ko‘rib chiqishga kelishdi. Ushbu yig‘ilish dekabr oyida Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Armaniston so‘nggi yillarda tashqi siyosatda Yevropa yo‘nalishini faolroq ilgari surmoqda. Biroq mamlakat iqtisodiy jihatdan YeOII bilan ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Mher Grigoryanning bayonoti Yerevan hozircha YeOII bilan munosabatlarni uzish niyatida emasligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvi Moskva bilan kelishmovchiliklarni kuchaytirishi mumkin.
Qaynoq24.uz Rubio 26-may kuni Armanistonga tashrif buyurgani haqida yozgan edi.


