Huawei kompaniyasi tomonidan Xitoyda Huawei Nova 16 va Nova 16z smartfonlari taqdim etildi. Yangi modellarda sun’iy yo‘ldosh orqali xabar yuborish, katta akkumulyator va 100 W tezkor quvvatlash mavjud.
Huawei Nova 16 seriyadagi kuchliroq model sifatida taqdim etildi. Smartfon Kirin 9010S protsessori bilan ishlaydi. U 6,68 dyuymli OLED ekranga ega. Displey 2800×1280 piksel aniqlik, 120 Hz yangilanish chastotasi va 2160 Hz PWM dimming texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Model 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Qurilma 100 W simli tezkor quvvatlashni qo‘llaydi. Huawei Nova 16 uchta kamera moduliga ega. Asosiy kamera 50 MP bo‘lib, unga 50 MP RYYB periskop telekamera ham qo‘shilgan. Telekamera optik stabilizatsiyaga ega va 100 karra raqamli yaqinlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Old kamera ham 50 MP aniqlikka ega.
Smartfon ikki tomonlama BeiDou sun’iy yo‘ldosh xabarlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda Bluetooth 6.0, Wi-Fi 7 va IP65 himoya darajasi mavjud. Huawei Nova 16z esa seriyadagi nisbatan arzonroq model hisoblanadi. U Kirin 8020 protsessori bilan ishlaydi. Smartfon 6,7 dyuymli OLED ekran, FHD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasiga ega.

Nova 16z 6000 mA/soat akkumulyator bilan jihozlangan. Bu model ham 100 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qurilmada 50 MP asosiy kamera bor. Shuningdek, 12 MP RYYB telefoto portret kamera va Red Maple rang sensori o‘rnatilgan. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 50 MP old kamera mavjud.
Har ikki model HarmonyOS 6.1 tizimida ishlaydi. Smartfonlarda AI yordamida suratlarni tahrirlash, HDR Vivid video, infraqizil pult, NFC, Star Flash ulanishi va yon tomondagi barmoq izi skaneri bor.
Huawei Nova 16 Sky Blue, White va Starry Black ranglarida sotiladi. Uning 256 GB versiyasi 2999 yuan yoki taxminan $418 turadi. 512 GB talqin narxi 3499 yuan yoki $488, 1 TB versiyasi esa 3999 yuan yoki $558 etib belgilangan.
Qaynoq24.uz Huawei Nova 16 smartfonlari qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.


