Armanistondagi saylovda Nikol Pashinyan partiyasi g‘alaba qozondi

Foto: Euronews
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Armanistonda parlament saylovlarida amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi g‘alaba qozondi. Armaniston Markaziy saylov komissiyasi dastlabki natijalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, hukmron partiya 49,8 foiz ovoz to‘plagan.

Armenia Today ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni armanistonlik rossiyalik milliarder Samvel Karapetyanning “Kuchli Armaniston” partiyasi egalladi. Bu siyosiy kuch 23,3 foiz ovoz olgan. Uchinchi o‘rinda sobiq prezident Robert Kocharyanning “Armaniston” bloki bormoqda. Blok 9,9 foiz ovoz to‘plagan.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, arman tadbirkori Gagik Sarukyanning “Gullab-yashnayotgan Armaniston” partiyasi ham parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan 4 foizlik chegaradan o‘tgan. News.am portaliga ko‘ra, yangi Milliy majlisda “Fuqarolik shartnomasi” 105 o‘rindan 61 tasini oladi. “Kuchli Armaniston” 28 mandatga ega bo‘ladi.

“Armaniston” bloki 11 o‘rin, “Gullab-yashnayotgan Armaniston” esa 5 o‘rin olishi kutilmoqda. Bu natija Nikol Pashinyanga ketma-ket uchinchi muddat bosh vazir lavozimida qolish imkonini beradi. U Armaniston hukumatini 2018-yildan beri boshqarib kelmoqda.

Biroq hukmron partiya konstitutsiyaviy ko‘pchilikka ega bo‘la olmadi. Bloomberg ta’kidlashicha, bu holat asosiy qonunga o‘zgartirish kiritish yoki referendum chaqirish jarayonlarini murakkablashtirishi mumkin.

Bu Pashinyanning ayrim siyosiy rejalariga ta’sir qilishi ehtimoli bor. Xususan, Ozarbayjon bilan yakuniy tinchlik kelishuvi doirasida talab qilinayotgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar masalasi kun tartibida turibdi.

Ushbu kelishuv Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi 30 yildan ortiq davom etgan mojaroni yakunlashga qaratilgan.

U bu jarayon bo‘yicha aniq muddat belgilamasligini bildirdi. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy qaror referendum orqali qabul qilinadi.

Saylov arafasida Rossiya Armaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga, jumladan meva va sabzavotlarga cheklovlar kiritgan edi.

Saylov oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp Pashinyanni qo‘llab-quvvatlagani xabar qilingan edi.

Bloomberg yozishicha, Vashington Yerevan bilan “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘li” transport yo‘lagi bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Qaynoq24.uz Nikol Pashinyan Armanistonning YIga kirishi bo‘yicha referendum shartini aytgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.