Honor kompaniyasi ultra yuqori yangilanish tezligiga ega 8 dyuymli planshetni taqdim etdi. Bu haqda Huaweicentral xabar bermoqda.
Digital Chat Station ma’lumotlariga ko‘ra, Honor’ning yangi plansheti kichik o‘lchamli bo‘lishiga qaramay, yuqori unumdorlikka ega model sifatida ishlab chiqilmoqda. Qurilma ultra ingichka ramkali displeyga ega bo‘lib, ekran atrofidagi maydon maksimal darajada kengaytiriladi.
Hozircha displeyning aniq yangilanish chastotasi ochiqlanmagan. Biroq manbaga ko‘ra, planshetda 165 Hz’dan yuqori ko‘rsatkich qo‘llanishi mumkin. Bu sahifalarni ravon aylantirish, o‘yinlarda tezkor javob va stilus bilan ishlashda yuqori sezgirlikni ta’minlashi kutilmoqda.
Honor ilgari ham 8–9 dyuym oralig‘idagi ixcham planshetlarni taqdim etgan. Bunday qurilmalar ko‘proq kitob o‘qish, video tomosha qilish, jonli efirlarni kuzatish va kundalik oddiy vazifalar uchun qulay hisoblanadi. Masalan, kompaniyaning Honor Pad X7 modeli 8,7 dyuymli ekran bilan chiqarilgan edi.

Yangi qurilma esa undan ham ixchamroq bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, planshet 8 dyuymli OLED panel bilan jihozlanadi. Shuningdek, unda Snapdragon 8 Elite seriyasiga mansub flagman chip qo‘llanishi ehtimoli bor. Bu esa kichik o‘lchamga qaramay, qurilmaning yuqori ishlash tezligiga ega bo‘lishini anglatadi.
Manba yangi planshet Honor’ning WIN oilasiga kirishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda. Kompaniya avval ushbu liniyada smartfon va kompyuterlarni taqdim etgan. Endi esa ishlab chiqaruvchi mazkur ekotizimni planshet bilan to‘ldirishi mumkin.
Qurilma bozorga Honor WIN Pad Mini nomi bilan chiqishi taxmin qilinmoqda. Hozircha kompaniya planshet haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Modelning taqdimot sanasi va yakuniy texnik xususiyatlari keyinroq ma’lum bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Huawei nova Y74 katta akkumulator bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.


