AQSh Senati Eronga qarshi urushni to‘xtatish rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi

Foto: Pexels/ Ramaz Bluashvili
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh Senati Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Avvalroq hujjat Vakillar palatasi tomonidan ham ma’qullangan edi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, rezolyutsiya 50 ovoz bilan qabul qilindi, 48 senator unga qarshi chiqdi. Ovoz berish AQSh va Isroilning Eronga qarshi fevral oxiridan beri davom etayotgan harbiy harakatlari fonida respublikachilar orasida xavotir kuchayayotganini ko‘rsatdi.

Hujjatga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika qurolli kuchlarini Eron bilan yoki Eronga qarshi jangovar harakatlar hududidan olib chiqishi kerak. Shu bilan birga, rezolyutsiya ko‘proq ramziy xarakterga ega ekani ta’kidlanmoqda. Tramp unga veto qo‘ya olmaydi, biroq hujjat majburiy yuridik kuchga ega emas.

Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berishni tashabbus qilgan demokrat senatorlarning fikricha, AQSh Kongressi jangovar harakatlar uning roziligisiz qayta boshlanmasligi kerakligi haqida aniq signal berishi lozim.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati ovoz berishni jiddiy siyosiy muvaffaqiyat sifatida baholamayapti. Oq uy rezolyutsiyaning qabul qilinishini ayrim respublikachi senatorlar majlisda ishtirok etmagani bilan izohlagan.

Shuningdek, Oq uyda “amerikalik harbiylarni olib chiqish kerak bo‘lgan jangovar harakatlar mavjud emas”, deb hisoblashmoqda. Ma’muriyatga ko‘ra, 17-apreldagi sulhdan so‘ng jangovar harakatlar yakunlangan.

Shunga qaramay, AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi fonida ham tomonlar zarbalar almashishni davom ettirgani aytilmoqda.

Iyun o‘rtalarida Vashington va Tehron ikki oylik o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. Hujjat barcha frontlarda, jumladan Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatish, Tehronga nisbatan sanksiyalarni yumshatish va Eronni tiklash jamg‘armasini tashkil etishni nazarda tutadi.

Vashington va Tehron o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Avvalroq Tramp tomonlar yadro nazorati, sanksiyalar va Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi masalalari bo‘yicha ayrim kelishuvlarga erishganini aytgan edi.

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Eron hukumati o‘z yadro obyektlariga xalqaro inspeksiyalarni kiritishga rozi bo‘lgan. Bu esa muzokara jarayonini davom ettirishga imkon bergan.

Qaynoq24.uz AQSh Eron nefti bo‘yicha sanksiyalarni 60 kunga yumshatgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.