Ozarbayjon parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Tegishli tuzatishlar Milliy Majlis tomonidan uchinchi, yakuniy o‘qishda qabul qilindi.
Yangi tartib axborot to‘g‘risidagi qonunchilik, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish bo‘yicha normalar hamda ma’muriy javobgarlik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi. Hujjat rasmiy e’lon qilinganidan keyin 12 oy o‘tib kuchga kiradi.
Qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt ochishi mumkin bo‘lmaydi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish, akkauntdan foydalanish va kontent joylashtirish faqat qonuniy vakillarining roziligi hamda nazorati ostida ruxsat etiladi.
Foydalanuvchilar yoshini tekshirish uchun bir nechta mexanizmdan foydalanish rejalashtirilmoqda. Jumladan, bank kartasi orqali ma’lum miqdorda pul yechib, keyin uni qaytarish, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili orqali tasdiqlash usullari ko‘zda tutilgan.
Hujjatda ijtimoiy tarmoqlar egalari zimmasiga bolalar xavfsizligini ta’minlash, zararli kontent tarqalishining oldini olish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, xavfli axborotni tezkor o‘chirish va davlat organlari bilan hamkorlik qilish majburiyati yuklanadi. Ushbu talablarni bajarmaganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan.
Ozarbayjon rasmiylari qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro tajriba o‘rganilganini bildirgan. So‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi bir qator mamlakatlarda faol muhokama qilinmoqda.
Jahon tajribasi
Avstraliya bunday cheklovni joriy qilgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi. U yerda bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi tartib 2025-yil dekabrida kuchga kirgan. Qoidabuzarliklar uchun javobgarlik ijtimoiy tarmoq egalari zimmasiga yuklangan.
Keyinchalik shunga o‘xshash normalar Fransiya, Norvegiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda ham muhokama qilina boshladi. Germaniya kansleri Fridrix Mers ham voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash tarafdori ekanini bildirgan.
2026-yil iyun oyida Buyuk Britaniya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlashini e’lon qildi. Mamlakat bosh vaziri Kir Starmer bu qarorni bolalarni texnologiyalar haddan tashqari kirib kelgan muhitdan himoya qilish zarurati bilan izohlagan.
Qaynoq24.uz Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni cheklamoqchi ekanligi haqida yozgan edi.


