Venesuelada 24-iyun kuni sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2,3 ming nafarga yetdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, yana 11 267 kishi jarohat olgan, qariyb 13 ming kishi boshpanasiz qolgan. Bu haqda 1-iyul kuni Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma’lum qildi. Uning aytishicha, eng og‘ir vaziyat mamlakat shimolidagi La-Guayra shtatida kuzatilmoqda. Ushbu hududda xalqaro aeroport va Venesuelaning eng yirik dengiz porti joylashgan.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, zilzilalardan keyin qariyb 50 ming kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Xorxe Rodrigesning aytishicha, ulardan taxminan 30 ming nafari La-Guayra port hududida bo‘lgan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 6,5 mingga yaqin odamni olib chiqqan. Shu bilan birga, rasmiylar tirik qolganlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda, chunki ko‘plab odamlar mustaqil ravishda yoki yaqinlari yordamida vayronalar ostidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
1-iyul kuni Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges zilzila qurbonlari xotirasi uchun mamlakatda yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Motam shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan kuchga kirgan.
Delsi Rodriges X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Venesuela xalqi zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar uchun chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi. U yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar, bedarak yo‘qolganlar va tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Zilzilalar 24-iyun kuni Venesuela shimolida, poytaxt Karakasdan g‘arbda sodir bo‘lgan. Avvaliga 7,2 magnitudali, oradan 39 soniya o‘tib esa 7,5 magnitudali ikkinchi yer silkinishi qayd etilgan. Bu mamlakatdagi so‘nggi 125 yil ichidagi eng kuchli zilzilalar sifatida baholanmoqda.
Asosiy silkinishlardan keyin o‘nlab aftershoklar kuzatilgan. Natijada ko‘plab uylar va infratuzilma obyektlari vayron bo‘lgan. Zilzilalar munosabati bilan Venesuelada favqulodda holat e’lon qilingan.
Qaynoq24.uz Afg‘onistonda 5,5 magnitudali zilzila yuz bergani haqida yozgan edi.


