Charm korxonalariga yangi subsidiyalar beriladi

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar joriy etiladi. Prezidentning 2026-yil 1-iyuldagi PQ–250-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 31-dekabrgacha Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan charm-poyabzal sohasidagi korxonalarga subsidiyalar ajratiladi.

Xususan, terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga realizatsiya qilingan tayyor charmning har bir kvadrat detsimetri uchun 350 so‘mdan subsidiya beriladi. Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga esa ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bunda bir korxona uchun bir kalendar yilidagi umumiy subsidiya miqdori 50 mln so‘mdan oshmasligi belgilangan.

Shuningdek, poyabzal ishlab chiqaruvchilarning o‘z ehtiyoji uchun import qilgan poyabzal qoliplari qiymatining 50 foizi qoplab beriladi. Biroq bu miqdor bir kalendar yilida Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 10 ming AQSH dollaridan, boshqa davlatlar uchun esa 5 ming AQSH dollaridan oshmaydi.

Yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan me’yorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foizi ham qoplab beriladi.

2026-yil 1-sentabrdan davlat xaridlarida ishtirok etadigan korxonalarga qo‘shimcha rag‘batlar joriy qilinadi. Mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish o‘rinlari soni, ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo belgisi va brendi mavjudligiga qarab ularga qo‘shimcha ball beriladi. Shuningdek, bunday korxonalarga 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etiladi.

Bundan tashqari, davlat buyurtmachilari elektron davlat xaridlari tizimi orqali maxsus poyabzal xarid qilganda, xarid tavsifida muvofiqlik sertifikati haqidagi axborotni joylashtirishi talab etiladi.

Qaynoq24.uz O‘zbekiston 2 oyda 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik eksport qilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.