iPhone’dan Android smartfonga o‘tish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: Apple qurilmalari narxining oshishi, yangi operatsion tizimni sinab ko‘rish istagi yoki ayrim ilovalarning iOS’da mavjud emasligi. “Palach” nashri eng yaxshi 5 ta Android smartfon va ularning texnik imkoniyatlar, afzalliklarini bitta maqolaga jamladi.
Samsung Galaxy S26
Samsung Galaxy S26 iPhone’dan Android’ga o‘tmoqchi bo‘lganlar uchun eng tushunarli variantlardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, Samsung’ning bazaviy flagmani umumiy foydalanish tajribasi bo‘yicha iPhone’ga eng yaqin Android smartfonlardan biri hisoblanadi. Qurilma 120 Gs yangilanish chastotasiga ega sifatli displey, 12 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira bilan jihozlangan.

Modelning yana bir ustunligi — One UI interfeysi. U iOS’dan kelgan foydalanuvchi uchun nisbatan tanish va qulay ko‘rinadi. Bundan tashqari, Samsung flagmanlari muntazam yangilanish olib boradi, dasturiy qo‘llab-quvvatlash muddati esa iPhone’larnikiga yaqin. Shu bilan birga, Galaxy S26 narxi flagman iPhone’dan sezilarli arzonroq ekani qayd etilgan.
Oppo Find X9 Ultra
Oppo Find X9 Ultra kamera imkoniyatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan foydalanuvchilar uchun tavsiya qilinmoqda. Ayniqsa iPhone Pro Max modellarini kuchli kamerasi uchun tanlaydiganlar ushbu smartfonga e’tibor qaratishi mumkin.

Qurilma 200 megapikselli asosiy kamera, 50 megapikselli qo‘shimcha sensor va Hasselblad sozlamalariga ega. Shu sababli Oppo Find X9 Ultra bozordagi kuchli kamerofonlardan biri sifatida tilga olinmoqda. Smartfon 6,82 dyuymli AMOLED displey, 7050 mA/soat sig‘imli akkumulyator, NFC va eSIM qo‘llab-quvvatlashi bilan jihozlangan.
Xiaomi 17 Ultra
Xiaomi 17 Ultra kuchli texnik imkoniyat va kamera izlayotgan foydalanuvchilar uchun yana bir flagman variant sifatida keltirilgan. Model 200 megapikselli telefoto kameraga ega bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bu uni mobil fotografiyaga qiziqadigan foydalanuvchilar uchun jiddiy raqobatchiga aylantiradi.

Smartfon 6,9 dyuymli OLED displey, Snapdragon 8 Elite Gen 5 flagman chipi, 6000 mA/soat sig‘imli batareya, NFC va tezkor quvvatlash bilan jihozlangan. Mutaxassislar global versiyani tanlashni tavsiya qiladi, chunki bunda Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan ilovalar, cheklovlar yoki interfeysdagi kutilmagan yozuvlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.
Honor 600 Pro
Honor 600 Pro nisbatan arzonroq, lekin imkoniyatlari keng model sifatida ko‘rsatilgan. Smartfon qutidan Gemini neyrotarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi bilan chiqadi. Bu sun’iy intellekt funksiyalaridan faol foydalanadiganlar uchun qo‘shimcha ustunlik bo‘lishi mumkin.

Model 6,57 dyuymli OLED ekran, to‘rtta kamera, 200 megapikselli asosiy modul, 7000 mA/soat batareya va eSIM qo‘llab-quvvatlashi bilan jihozlangan. Ekspertlarga ko‘ra, ushbu narx segmentida Honor 600 Pro iPhone’dan Android’ga ortiqcha xarajatsiz o‘tish uchun eng mantiqli variantlardan biri hisoblanadi.
OnePlus 15
OnePlus 15 narx va imkoniyatlar muvozanati bo‘yicha eng kuchli variantlardan biri sifatida tilga olingan. Mutaxassislar uni 2025-yilning eng yaxshi Android smartfonlaridan biri va flagmanlar orasida eng maqbul tanlovlardan biri deb baholamoqda.

Qurilma 6,78 dyuymli AMOLED displey, 165 Gs yangilanish chastotasi, Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori, 7300 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 120 Vt SuperVOOC tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. OnePlus 15 ayniqsa tez ishlash, katta batareya va yuqori ekran chastotasini qadrlaydigan foydalanuvchilar uchun mos keladi.
Qaynoq24.uz omadsiz Samsung smartfonlari haqida yozgan edi.


