Xiaomi o‘z tarixidagi ilk gibrid avtomobil — Sky Nomad N90 modelining tashqi ko‘rinishi va saloniga oid rasmiy suratlarni e’lon qildi. Yangi model bilan birga kompaniyaning Sky Nomad nomli yangi avtomobil subbrendi ham bozorga kirishi kutilmoqda.
Yirik uch qatorli krossover tashqi ko‘rinishda Li Auto L9 va Nio ES8 kabi flagman modellarga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan. Avtomobilning old optikasida Xiaomi YU7 krossoveriga xos dizayn unsurlari saqlangan, biroq kunduzgi chiroqlar yanada burchakli va yirik shaklda ishlangan. Orqa chiroqlar dizayni esa Zeekr 9X modelini eslatadi.

Sky Nomad N90 saloni yo‘ltanlamasning kengligi va minivenlarga xos qulay transformatsiya imkoniyatlarini birlashtirishga mo‘ljallangan. Avtomobil uch qatorli o‘rindiqlar bilan jihozlangan bo‘lib, old o‘rindiqlarni burish mumkin. Shuningdek, siljitiladigan markaziy konsol va ichki stolcha mavjud. Bunday yechimlar salonni “g‘ildirak ustidagi mehmonxona”ga aylantirish imkonini beradi.
Modelda zamonaviy avtomobillarda ko‘p uchraydigan old paneldagi uchinchi ekran qo‘llanmagan. Haydovchi joyi rasmiy suratlarda to‘liq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, avval tarqalgan josuslik tasvirlarida ingichka raqamli asboblar paneli, ikki spitsali rul va old oynaga ma’lumot chiqaruvchi proyeksion displey ko‘ringan.

Xiaomi hozircha avtomobilning rasmiy texnik xususiyatlarini tasdiqlamadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Sky Nomad N90’ning uzunligi qariyb 5,3 metr, g‘ildirak bazasi esa 3,1 metrni tashkil etadi.
Krossoverga 1,5 litrli turbomotor o‘rnatilishi kutilmoqda. Benzinli agregat asosan generator vazifasini bajaradi, g‘ildiraklarni esa elektr motorlari harakatga keltiradi. Batareya sig‘imi 70 kVt·soatdan yuqori bo‘lishi aytilmoqda.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil faqat elektr quvvatida 500 kmgacha yurishi mumkin. Benzinli generator bilan birgalikdagi umumiy yurish zaxirasi esa 1500 kmga yetishi ehtimol qilinmoqda.
Sky Nomad N90 Xiaomi’ning elektromobillardan gibrid segmentga o‘tishidagi muhim model bo‘ladi. Kompaniya avtomobilning taqdimot sanasi, narxi va to‘liq texnik tavsiflarini keyinroq e’lon qilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Xiaomi 18 Pro katta yangilanishlar bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.


