Tramp Saudiya Arabistonidan Isroilni tan olishni talab qildi

Foto: Oy Uy
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan tuziladigan fuqarolik yadroviy hamkorlik bitimi Ar-Riyodning Isroilni tan olishi va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishiga bog‘liq ekanini ma’lum qildi.

Tramp Truth Social’dagi bayonotida kelishuv faqat tinch maqsadlardagi atom energetikasiga taalluqli bo‘lishini, Saudiya Arabistoniga uran boyitishga ruxsat berilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim Saudiya Arabistoni Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilgan taqdirdagina tasdiqlanadi.

AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi yadroviy bitim matni hozircha e’lon qilinmagan. Shu sabab Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish talabi hujjatning o‘zida belgilanganmi yoki Saudiya tomoni bunga rozilik bildirganmi, hozircha noma’lum. Ar-Riyod Trampning bayonotiga munosabat bildirmadi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning aytishicha, Tramp ushbu shartni Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan avvalgi muzokaralarda ham bir necha bor muhokama qilgan. Uning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistoni Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilmasa, yadroviy bitim amalga oshirilmaydi.

Avvalroq AQSH Energetika vazirligi ikki mamlakat tinch yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va ikki tomonlama kafolatlar bitimini imzolaganini ma’lum qilgan edi. Vazirlikka ko‘ra, ushbu hujjatlar o‘nlab yillarga mo‘ljallangan, qiymati milliardlab dollarni tashkil etuvchi hamkorlik uchun huquqiy asos yaratadi.

Bitim Saudiya Arabistonida fuqarolik atom energetikasini rivojlantirish, Amerika kompaniyalarining yangi loyihalarda qatnashishi hamda yadroviy materiallar tarqalishining oldini olishni nazarda tutadi. Kelishuv AQSH Kongressiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Qaynoq24.uz AQSH va Saudiya Arabistoni yadroviy bitim imzolagani haqida yozgan edi.

Foto manbasi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.