Samsung Galaxy S25 Ultra va Galaxy S24 Ultra smartfonlarining ayrim egalari so‘nggi dasturiy yangilanishdan keyin batareya quvvati odatdagidan ancha tez tugayotgani va qurilmalar qizib ketayotganidan shikoyat qilmoqda.
Avval bir kun davomida ishlagan smartfonlar endi faol ishlatilmagan holatda ham bir necha soat ichida quvvatining katta qismini yo‘qotmoqda. Ayrim qurilmalar stol ustida ishlatilmay turgan paytda ham qizib ketayotgani qayd etilgan.
Muammo Galaxy S25 Ultra bilan bir qatorda avvalgi avlod Galaxy S24 Ultra modelida ham kuzatilmoqda. Ba’zi foydalanuvchilar batareyaning tez tugashidan tashqari, smartfonlarni quvvatlash tezligi ham pasayganini bildirgan.
Hozircha muammoning aniq sababi rasman tasdiqlanmagan. Taxminlarga ko‘ra, yangilanishdan so‘ng ayrim tizim jarayonlari yoki ilovalar fon rejimida uzluksiz ishlashda davom etayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda protsessor dam olish rejimiga o‘tmaydi, natijada energiya sarfi oshib, qurilma qiziydi.
Sabab nima
Shunga o‘xshash muammolar Samsung smartfonlari uchun chiqarilgan avvalgi yangilanishlardan keyin ham kuzatilgan. Ayrim hollarda tizim vositalari yoki bulutli xizmatlar ma’lumotlarni sinxronlashtirish jarayonini yakunlay olmay, bir vazifani qayta-qayta bajarishi batareya sarfining oshishiga sabab bo‘lgan.
Samsung hozircha Galaxy S25 Ultra va Galaxy S24 Ultra’dagi muammo yuzasidan rasmiy izoh bermadi hamda uni bartaraf etuvchi alohida yangilanish chiqargani haqida ma’lum qilmadi.
Vaqtinchalik yechim sifatida foydalanuvchilarga sozlamalar orqali qaysi ilovalar batareya quvvatini ko‘p sarflayotganini tekshirish tavsiya etilmoqda. Fon rejimida noodatiy darajada faol ishlayotgan ilovani yopish, uning keshini tozalash, avtomatik bulutli nusxalashni vaqtincha o‘chirish yoki smartfonni qayta ishga tushirish quvvat sarfini kamaytirishi mumkin.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 FE narxi 800 yevrodan boshlanishi mumkinligi haqida yozgan edi.


