Iordaniya hukumati milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab Telegram messenjerini bloklashga qaror qildi. Bu haqda mamlakat Jamoat xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi, deb yozdi Reuters.
Rasmiy izohga ko‘ra, qaror jamiyatni ekstremizm va radikallashuvni targ‘ib qilishga urinishlar kabi tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qaror xavfsizlik bilan bog‘landi
Iordaniya Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Telegram’dan foydalanishni cheklash amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshirilishini bildirgan.
Idora ekstremistik va radikal g‘oyalarni tarqatishga urinishlar jamiyat xavfsizligi hamda mamlakat milliy manfaatlariga tahdid solishini ta’kidlagan.
Qaror qator hujumlardan keyin qabul qilindi
Telegram’ni bloklash haqidagi qaror Iordaniyada so‘nggi haftalarda sodir bo‘lgan qator xavfsizlik hodisalari fonida e’lon qilindi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy mamlakatdagi cherkovlardan biriga uyushtirilgan hujum oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan.
5-noyabr kuni esa Ammanda pichoqli hujum sodir bo‘lib, bir xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan. Iordaniya rasmiylari hodisani terrorchilik hujumi deb baholagan.
Telegram ekstremistik guruhlar tomonidan ham ishlatilgan
Reuters qayd etishicha, “Islom davlati” jangarilari yillar davomida Telegram’dan bayonot va xabarlar tarqatish uchun foydalangan.
Messenjer asoschisi Pavel Durov esa bir nechta mamlakatlarda tergovlar doirasida tekshirilmoqda.
2026-yil iyulida Rossiya xavfsizlik xizmati Durovni terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashishda ayblagan. Rossiya tomoni Telegram Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan mamlakat ichida hujumlarni tashkil qilish uchun ishlatilganini da’vo qilgan.
Durov bu ayblovlarni rad etadi. Uning ta’kidlashicha, Telegram zararli kontentni moderatsiya qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashda davlat organlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlaridan ham ortiq ish qilgan.
Qaynoq24.uz Hindiston sudi Telegram’ning vaqtinchalik bloklanishini qonuniy deb topgani haqida yozgan edi.




