2026-yilda Toshkent shahrida 18 ta yangi turizm ko‘chasi barpo etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm hududi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur loyiha turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u 2022-yilda qabul qilingan qaror asosida amalga oshirilgan. Ko‘cha 2025-yil sentabr oyida foydalanishga topshirilgan.

Hududning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda piyodalar va velosiped yo‘laklari, dam olish maskanlari, sport maydonchalari va turli servis infratuzilmalari barpo etilgan. Aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Ko‘chada 165 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkor 24 soat ishlash tizimiga o‘tgan. Natijada 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Davlat rahbari hududni ko‘zdan kechirar ekan, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi va yaratilgan sharoitlarni baholadi. Shuningdek, Toshkentdagi boshqa turizm ko‘chalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda poytaxtda 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlash rejimiga o‘tgan. Bu yo‘nalishga 540 mlrd so‘m yo‘naltirilib, mingdan ortiq yangi obyekt ishga tushirilgan. Natijada, xizmatlardan foydalanuvchilar soni kuniga 200 ming nafargacha yetgan.
Qaynoq24.uz ekohududlarda turistik yo‘laklarni tashkil etish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

