O‘zbekistonda havo mudofaasi bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

Foto: NDM
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. Taqdimotda havo hujumidan mudofaa va harbiy aviatsiya tizimini transformatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shinlarga yangi aviatsiya texnikalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazilmoqda. Amaliy parvoz mashg‘ulotlari ko‘lami ham bir necha barobar oshirilgan. Bu aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, aviatsiya bo‘linmalarini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish taklif qilindi. Bu chora-tadbirlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyatini oshiradi.

Qo‘shinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyati kuchayadi. Prezident milliy kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Qarshi shahridagi Harbiy aviatsiya institutining o‘quv-moddiy bazasi xalqaro standartlar asosida jihozlangani qayd etildi.

Institutda zamonaviy trenajyorlar, modellashtirish va simulyatsiya vositalari joriy qilingan. Kursantlar “Xonobod” aerodromida tajribali mutaxassislar yordamida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.

Taqdimotda harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yanvar oyida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida harbiy tibbiyot bo‘yicha ta’lim va hamkorlik bitimi imzolangan edi. Bitim doirasida mutaxassislarni davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika va profilaktika yo‘nalishlarida o‘qitish rejalashtirilmoqda. Harbiy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ilmiy hamkorlik, seminar va kongresslar o‘tkazish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Mudofaa ishlari organlarida chaqiriluvchilarni qayd etish jarayonini raqamlashtirish takliflari ham ko‘rib chiqildi. Tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish maqsad qilingan.

Shuningdek, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish taklif etildi. Harbiy xizmatchilar uchun Toshkent va Samarqandda ijara kompensatsiyasini ko‘paytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Qaynoq24.uz NATO qiruvchilari Latviya osmonida dronni urib tushirgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.