Ummon Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalar uchun vaqtinchalik dengiz yo‘lagini ochdi. Mamlakat rasmiylari bu qarorni dunyodagi eng muhim yuk tashish yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan bo‘g‘ozdagi navigatsiya erkinligini ta’minlash majburiyati bilan izohladi.
Ummon axborot agentligi xabariga ko‘ra, yangi tartib Xalqaro dengiz tashkiloti bilan muvofiqlashtirilgan holda joriy etilgan. Yo‘lak barcha kemalar uchun ochiq bo‘ladi, biroq undan foydalanmoqchi bo‘lgan kemalar Xalqaro dengiz tashkiloti bilan oldindan muvofiqlashtirishi kerak.
Ummon tomoni Hormuz bo‘g‘ozining jahon iqtisodiyoti uchun muhimligini inobatga olib, xalqaro huquq va dengiz huquqi tamoyillariga sodiq qolishini bildirdi. Shuningdek, bo‘g‘ozda tranzit uchun to‘lov undirilmasdan, erkin navigatsiyani ta’minlash maqsad qilingani qayd etildi.
Vaqtinchalik dengiz yo‘lagi Xalqaro dengiz tashkiloti va Ummonning tegishli idoralari e’lon qiladigan koordinatalar asosida ishlaydi. Kemalar ushbu yo‘nalishdan foydalanish uchun xalqaro dengiz organi bilan aloqada bo‘lishi lozim.
Bu xabar Ummon va Eron Hormuz bo‘g‘ozidagi kelgusi navigatsiya tartibi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirayotgan bir paytda e’lon qilindi. Seshanba kuni Maskat va Tehron bo‘g‘ozda kemalar harakatini kelgusida boshqarish, u yerda ko‘rsatiladigan dengiz xizmatlari va ularga bog‘liq xarajatlar masalasini muhokama qilish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzilganini ma’lum qilgan.
Mazkur muzokaralar Fors ko‘rfazi sohilidagi boshqa davlatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda, xalqaro huquq hamda bo‘g‘ozga tutash davlatlarning suveren huquqlarini inobatga olgan holda olib borilishi aytilmoqda.
Kelishuv nima deydi?
Islomobod kelishuvi deb atalgan memorandumning 5-bandiga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozini kelgusida boshqarish va u yerda taqdim etiladigan dengiz xizmatlari bo‘yicha Ummon bilan muloqot o‘tkazadi. Hujjatda bu jarayon boshqa ko‘rfazbo‘yi davlatlari bilan muvofiqlashtirilishi va xalqaro huquq doirasida amalga oshirilishi belgilangan.
Memorandumga muvofiq, Eron 60 kun davomida Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazi o‘rtasida tijorat kemalarining xavfsiz hamda bepul harakatlanishini ta’minlash uchun maksimal sa’y-harakat qilish majburiyatini olgan. Tijorat yuk tashuvlari esa darhol tiklanishi ko‘zda tutilgan.
Eron va AQSH 14-iyun kuni Pokiston vositachiligida 14 banddan iborat kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Ushbu kelishuv urushni yakunlash va mavjud kelishmovchiliklarni muloqot hamda muzokaralar orqali hal qilishga qaratilgan.
Islomobod kelishuvi 18-iyun kuni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan elektron tarzda imzolanganidan so‘ng kuchga kirgan. Hujjat urushni, jumladan Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish hamda AQSH tomonidan Eronga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qilish bilan bog‘liq bandlarni o‘z ichiga oladi.
Qaynoq24.uz Tramp Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq ochiq ekanini aytgani haqida yozgan edi.


