Xitoyning BYD kompaniyasi BYD Han EV Flash Charge Edition modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda CNC xabar berdi. Model narxi 179 800 yuandan boshlanadi. Bu taxminan 26 ming dollarga teng.
Yangi versiya ikki xil konfiguratsiyada taklif etiladi. Eng yuqori komplektatsiya $27,2 ming atrofida baholangan. Avtomobil allaqachon dilerlik markazlariga yetkazilgan. Asosiy yangilik batareya va zaryadlash tizimida. Model ikkinchi avlod Blade Battery bilan jihozlangan. Flash charging texnologiyasi yordamida avtomobil 10 foizdan 70 foizgacha 5 daqiqada quvvatlanadi. 10 foizdan 97 foizgacha esa 9 daqiqa yetarli. Hatto −30 darajada ham zaryadlash atigi 3 daqiqaga sekinlashadi.

Avtomobil 240 kVt quvvatli motor bilan jihozlangan. Bu 322 ot kuchiga teng. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 6,5 soniyani tashkil qiladi. Maksimal yurish masofasi 705 kmga yetadi. Energiya sarfi 10,8 kVt/100 kmni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Tesla Model 3dan ham past. BYD buni C-klass sedanlar orasida rekord deb ta’kidlamoqda.
Model DiLink 100 aqlli kokpit tizimi bilan jihozlangan. U mobil ilova orqali avtomobilni masofadan boshqarish imkonini beradi. Shuningdek, dam olish rejimi mavjud. Unda o‘rindiqlar avtomatik yotadi va fon tovushlari yoqiladi.

DiSus-C osma tizimi yo‘lni 15 metr oldindan aniqlaydi. Shunga qarab amortizatorlar moslashadi. Bu yurishni yanada qulay qiladi.
Avtomobil “God’s Eye 5.0” yordamchi tizimi bilan ham ta’minlangan. U avtomagistralda avtomatik yo‘l almashtirish va quvib o‘tishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ixtiyoriy ravishda LiDAR bilan jihozlangan versiya ham mavjud. U shahar ichida svetoforlarni aniqlash va tirbandlikda harakatlanishni boshqaradi.
Dizayn BYD’ning Dragon Face uslubida qolgan. Xaridorlarga bir nechta rang variantlari taklif etiladi. Salon ichida orqa o‘rindiqlar uchun isitish va shamollatish funksiyasi qo‘shilgan. Xavfsizlik tizimlari ham yangilangan. Yuqori tezlikda shina yorilganda barqarorlikni saqlovchi tizim o‘rnatilgan.
Kompaniya Xitoy bo‘ylab 5 500 dan ortiq tezkor zaryadlash stansiyalarini ishga tushirgan. Ular 311 ta shaharni qamrab oladi.
Qaynoq24.uz BYD Sealion 08 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

