Xiaomi 17T seriyasiga oid asosiy texnik xususiyatlar va narxlar rasmiy taqdimotdan oldin internetda paydo bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Xiaomi kompaniyasi 17T seriyasini 28-may kuni taqdim etishi kutilmoqda. Biroq Rossiyadagi riteylerlardan biri Xiaomi 17T va 17T Pro modellarini muddatidan oldin saytga joyladi.
E’lon qilingan ro‘yxatda smartfonlarning dizayni, texnik xususiyatlari va taxminiy narxlari ko‘rsatilgan. Keyinroq sahifa olib tashlangan bo‘lishi mumkin, ammo ma’lumotlar internetda tarqalishga ulgurgan. Standart Xiaomi 17T modeli 6,59 dyuymli AMOLED ekran bilan chiqishi kutilmoqda. Displey 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon Dimensity 8500 Ultra chipi bilan jihozlanishi mumkin.
Texnik imkoniyatlar
Qurilma 12 GB tezkor xotira bilan taklif etiladi. Ichki xotira hajmi 256 GB yoki 512 GB bo‘lishi aytilmoqda. Kamera qismi ham kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Xiaomi 17T Leica brendi ostidagi uchta kameraga ega bo‘lishi mumkin. Asosiy kamera 50 MP, telefoto kamera 50 MP va ultra keng burchakli kamera 12 MP bo‘ladi. Telefoto kamera 5 karra optik yaqinlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Old kamera 32 MP bo‘lishi kutilmoqda. U selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun mo‘ljallangan. Smartfonning asosiy ustunliklaridan biri akkumulyator bo‘lishi mumkin. Xiaomi 17T 6 500 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. U 67 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Xiaomi 17T Pro esa yanada yirik ekran bilan chiqishi aytilmoqda. U 6,83 dyuymli AMOLED displeyga ega bo‘lishi mumkin. Ekran yangilanish chastotasi 144 Hz bo‘lishi kutilmoqda. Pro versiya MediaTek’ning Dimensity 9500 chipida ishlashi mumkin. Kamera tizimi oddiy modelga o‘xshash bo‘ladi. Biroq Pro modelda yanada yaxshi Light Fusion 950 asosiy sensori ishlatilishi aytilmoqda.
Xiaomi 17T Pro 7 000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishi mumkin. U 100 W simli va 50 W simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Har ikki model Android 16 va Xiaomi HyperOS tizimi bilan chiqishi kutilmoqda.
Narx
Riteyler ma’lumotlariga ko‘ra, Xiaomi 17T’ning 256 GB xotirali versiyasi 51 625 rubl turadi. 512 GB versiya esa 54 537 rublga baholangan. Xiaomi 17T Pro narxi 68 535 rubldan boshlanadi. 1 TB xotirali versiya esa 81 861 rubl bo‘lishi mumkin. Bu taxminan $700 dan $1,1 minggacha bo‘lgan oraliqqa teng.
Biroq rubl bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri hisoblangan narxlar global bozordagi yakuniy narxni aniq ko‘rsatmaydi. Yevropaga oid avvalgi sizdirilgan ma’lumotlarda Xiaomi 17T Pro ayrim bozorlarda 1 ming yevroga yaqin narxda sotilishi mumkinligi aytilgan.
Qaynoq24.uz Xiaomi Civi 6 Pro smartfoni qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

