AQSh Senati prezident Donald Trampning Eronga qarshi harbiy harakatlarini cheklashga qaratilgan rezolyutsiyani ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Hujjat prezidentdan Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatishni yoki Kongressdan rasmiy ruxsat olishni talab qiladi.
19-may kuni o‘tkazilgan protsessual ovoz berishda rezolyutsiyani ilgari surishni 50 senator qo‘llab-quvvatladi. 47 senator esa qarshi chiqdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bu hujjat Trampning Erondagi harbiy harakatlari ustidan Kongress nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Rezolyutsiya demokrat senator Tim Keyn tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. U AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra urush e’lon qilish vakolati prezidentga emas, Kongressga tegishli ekanini ta’kidlamoqda.
Hujjat qabul qilinsa, Donald Tramp Eronga qarshi kelajakdagi har qanday harbiy harakatni Kongress bilan kelishishi kerak bo‘ladi. Aks holda, AQSh ma’muriyati harbiy amaliyotlarni to‘xtatishi lozim. Avvalroq respublikachilar ushbu rezolyutsiyani ilgari surish bo‘yicha yetti urinishni bloklagan edi. Hujjat ilk bor mart oyida, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanganidan keyin ovozga qo‘yilgan.
The Guardian yozishicha, bu safar rezolyutsiyani bir nechta respublikachi senator ham qo‘llab-quvvatlagan. Ular orasida Bill Kassidi, Liza Murkovski, Rend Pol va Syuzan Kollinz bor. Shunga qaramay, hujjatning to‘liq qabul qilinishi oson bo‘lmasligi aytilmoqda. Rezolyutsiya respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasidan ham o‘tishi kerak. Bundan tashqari, prezident veto qo‘yishi mumkin. Bunday holatda vetoni bekor qilish uchun Kongressning har ikki palatasida uchdan ikki qism ovoz talab etiladi.
Tim Keynning aytishicha, AQSh va Eron o‘rtasida aprel boshidan beri sulh amal qilayotgan bir paytda Kongressda muhokama o‘tkazish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘lgan.
“Bu urushni yana boshlashdan oldin muhokama qilish uchun eng yaxshi vaqt. Prezident Erondan tinchlik va diplomatik takliflar olmoqda, biroq ularni biz bilan bo‘lishmay, axlat qutisiga tashlamoqda”, degan Tim Keyn.
AQShda 1973-yilda qabul qilingan Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, prezident Kongress ruxsatisiz harbiy harakatlarni faqat 60 kun davom ettirishi mumkin. Bu muddat tugagach, prezident urushni to‘xtatishi yoki Kongressdan kuch ishlatish uchun ruxsat so‘rashi kerak.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 1-may kuni 60 kunlik muddat yakunlanganidan so‘ng Tramp Kongressni Eronga qarshi “urush yakunlangani” haqida xabardor qilgan. Biroq agentlik AQSh Eron portlarini bloklashda va Eron kemalariga zarba berishda davom etayotganini qayd etdi.
Donald Tramp esa 19-may kuni AQSh Eronga yana zarba berishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kelishuvga erishilmasa, yangi hujum yaqin kunlarda amalga oshirilishi mumkin
Qaynoq24.uz Tramp Eronga hujumni kechiktirganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

