Hind okeanining janubi-sharqiy qismida ulkan kitlar qabristoni aniqlangani ilmiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, dengiz tubidagi ushbu hudud taxminan 1200 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, ayrim qoldiqlarning yoshi 5,3 million yilga borib taqaladi. Topilma Diamantina siniq zonasi deb ataluvchi hududda aniqlangan. Bu dengiz tubidagi tizma va chuqurliklardan iborat murakkab relyef bo‘lib, tadqiqot joyi 7 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Olimlar uchun eng muhim jihat nafaqat qabristonning ulkan o‘lchami, balki u yerda saqlanib qolgan qoldiqlarning yoshi va biologik xilma-xilligi bo‘ldi. Tadqiqot Xitoy, Italiya va Yangi Zelandiyadan bo‘lgan olimlar ishtirokida olib borilgan. Nature jurnalida qayd etilishicha, suvosti nekropolida hozirgacha fanga noma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lgan organizmlar va turlar ham uchragan. Qadimiy kit qoldiqlari atrofida meduzalar, chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar va boshqa chuqur dengiz jonzotlaridan iborat murakkab ekotizim shakllangan.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Xitoy Fanlar akademiyasi vakili Syotun Pen bunday miqyosdagi nekropolning topilishi kutilmagan hodisa bo‘lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, qoldiqlar tarqalgan hudud hajmi, chuqurligi va yoshi olimlar tasavvur qilganidan ancha katta bo‘lib chiqqan.
Ekspeditsiya davomida tadqiqotchilar hududga 32 marta sho‘ng‘ishgan. Natijada 485 ta kit qoldig‘i joylashgan nuqta va faol “kit tushishlari”dan namunalar yig‘ilgan. Olimlar orasida yo‘q bo‘lib ketgan kit skeleti hamda bir nechta muhim paleontologik topilmalar aniqlangan.
Qabrlar orasidan 5,3 million yillik tumshuqli Pterocetus benguelae kitining toshga aylangan bosh suyagi ham topildi. Bundan tashqari, besh metr uzunlikdagi Antarktika mink kiti jasadi ekspeditsiya davomida aniqlangan eng yirik topilmalardan biri bo‘lgan.
Tadqiqotchilar yangi turga ham duch kelishgan. U topilgan hudud nomidan kelib chiqib, Pterocetus diamantinae deb atalgan. Bu kashfiyot chuqur dengizlarda qadimiy kit qoldiqlari atrofida qanday hayot shakllanishi va bunday hududlar evolyutsion jarayonlarda qanday rol o‘ynashini o‘rganish uchun muhim ahamiyatga ega.
Qaynoq24.uz nashri Chexiyada ikki yarim ming yillik kelt tangalari topilgani haqida yozgan edi.


