Maextro V680 avtomobili qanday xususiyatlarga ega

Foto: Huawei
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Huawei va JAC hamkorligida tashkil etilgan Maextro brendi model qatorini kengaytirishga tayyorlanmoqda. Xitoy sanoat vazirligi ma’lumotlar bazasida brendning uchinchi modeli — Maextro V680 miniveni haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Maextro brendi avvalroq S800 sedani bilan premium segmentda e’tibor qozongan edi. Endi kompaniya hashamatli minivenlar bozoriga ham kirib bormoqda. Yangi V680 modeli avvalroq ma’lum qilingan yirikroq V800 minivenining qisqaroq versiyasi sifatida qaralmoqda.

Foto: Huawei

Maextro V680’ning uzunligi 5,3 metrdan biroz oshadi, g‘ildirak bazasi esa 3,29 metrni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, kattaroq Maextro V800 uzunligi qariyb 5,5 metr, g‘ildirak bazasi esa 3,43 metrga teng.

Har ikki miniven ham ketma-ket gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Tizim tarkibiga old o‘qda 218 ot kuchiga ega elektromotor, orqa o‘qda esa 313 ot kuchiga ega elektromotor kiradi. Shuningdek, 1,5 litrli 173 ot kuchiga ega benzinli turbomotor ham mavjud bo‘lib, u g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmaydi, balki generator vazifasini bajaradi.

Avtomobil 63,2 kVt·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Elektr tortish kuchida yurish masofasi 275 kilometrni tashkil etadi. Maksimal tezlik esa 200 km/soat bilan cheklangan. Gibrid tizim va katta akkumulyator sabab avtomobillarning vazni 3,1 tonnadan oshadi.

Maextro V680 saloni 2+2+3 formulasi bo‘yicha yetti o‘rindiqli ko‘rinishda ishlab chiqilgan. Model yo‘lovchilarga yuqori darajadagi qulaylik taqdim etishi kutilmoqda. Unda multimedia tizimlari, massaj funksiyalari va premium segmentga xos boshqa imkoniyatlar bo‘lishi mumkin.

Foto: Huawei

V680 uchun aniq opsiyalar ro‘yxati hozircha e’lon qilinmagan. Biroq kattaroq V800 modelida hatto bar va qahva mashinasi ham nazarda tutilgani aytilgan. Elektron tizimlar, jumladan, ikki lidarli avtopilot texnologiyasi Huawei tomonidan yetkazib beriladi.

Maextro V680 va V800 minivenlarining rasmiy narxlari keyinroq e’lon qilinadi. Taxminlarga ko‘ra, V680 kattaroq V800’ga nisbatan arzonroq bo‘ladi. V800 narxi esa brendning bazaviy S800 sedanidan ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Qaynoq24.uz Geely EX5 avtomobili yangilangani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.