Tecno kompaniyasi Tecno Spark 50 smartfonlari qatorini yangi Tecno Spark 50 Pro modeli bilan kengaytirdi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.
Qurilma himoyalangan korpus, 6000 mA/soatgacha akkumulyator, Sony sensori o‘rnatilgan asosiy kamera va iPhone 17 Pro‘ni eslatuvchi to‘q sariq rangdagi korpus bilan taqdim etildi. Yangi Tecno Spark 50 Pro tashqi ko‘rinishi bilan ham e’tibor tortadi. Smartfonning orqa panelida yirik kamera bloki joylashgan. Qurilma korpusi IP69 darajasidagi himoyaga ega bo‘lib, bu uni chang va suv ta’siridan yaxshi himoyalangan model sifatida ko‘rsatadi.

Smartfonning asosiy kamerasida 50 megapikselli Sony LYTIA 600 sensori qo‘llangan. Sensorning optik formati 1/1,95 dyuymni tashkil etadi. Kamera F/1.8 diafragmali obyektiv bilan jihozlangan. Old tomonda esa selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 8 megapikselli kamera o‘rnatilgan.
Tecno Spark 50 Pro 6,78 dyuymli IPS displeyga ega. Ekran HD+ aniqlikda tasvir uzatadi va 120 Gs yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu smartfonni kundalik foydalanish, ijtimoiy tarmoqlar, video tomosha qilish va o‘yinlar uchun qulayroq qiladi.
Qurilma MediaTek Helio G100 Ultimate protsessori asosida ishlaydi. Smartfon 8 GB gacha operativ xotira bilan taklif etiladi. Shuningdek, virtual kengaytirish funksiyasi orqali operativ xotira hajmini 24 GB gacha oshirish mumkin. Ichki xotira hajmi esa 256 GB gacha yetadi.

Modelning akkumulyator sig‘imi hududga qarab farq qiladi. Ayrim bozorlarda 5600 mA·soatli, boshqalarida esa 6000 mA·soatli versiya sotuvga chiqariladi. Har ikki variant ham 60 Vt quvvatli simli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tecno Spark 50 Pro Android 16 asosidagi HiOS 16 interfeysi bilan ishlaydi. Unda Tecno AI sun’iy intellekt funksiyalari ham mavjud. Jumladan, Ella AI Agent ovozli yordamchisi, matn yaratish va tahrirlash vositalari, shuningdek, qo‘ng‘iroqlar vaqtida aqlli shovqin pasaytirish funksiyasi qo‘llab-quvvatlanadi.
Shunga qaramay, smartfonda 5G tarmog‘i qo‘llab-quvvatlanmaydi. Qurilma 4G segmentiga mansub model sifatida taqdim etilgan. Tecno Spark 50 Pro‘ning narxi va sotuvga chiqish muddati hozircha rasman e’lon qilinmadi.
Qaynoq24.uz Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.


