AQSh harbiylari Eronning Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi obyektlariga yangi zarbalar berdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi operatsiya Tehronning tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini kamaytirishga qaratilganini ma’lum qildi.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, AQSh kuchlari 11-iyul, shanba kuni Eronning 140 ta harbiy obyektini nishonga olgan. Zarbalarga Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemasiga qilingan hujum sabab bo‘lgan. Qo‘mondonlik strategik suv yo‘li orqali kemalar qatnovi davom etayotganini ta’kidladi.
AQShning navbatdagi operatsiyasi Eron kuchlari bo‘g‘ozda konteyner tashuvchi kemaga zarba berganidan keyin amalga oshirildi. Hujum oqibatida kemada yong‘in chiqqan, ekipaj a’zolaridan biri bedarak yo‘qolgan. Shundan so‘ng AQSh 13-iyul tongiga qadar Eron hududiga bir necha to‘lqinli zarbalar bergan.
Eron bunga javoban Yaqin Sharqdagi AQSh bilan bog‘liq obyektlar hamda Amerika harbiylari joylashgan davlatlarga raketa va dronlar uchirdi. Bahraynda 13-iyul tongida havo hujumi sirenalari yangradi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi aholini xotirjamlikni saqlash va eng yaqin xavfsiz joyga o‘tishga chaqirdi. Bahraynda AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti joylashgan.
Eron davlat axborot agentligi IRNA AQShning mamlakat janubi-g‘arbidagi Mahshahr shahrida joylashgan suv nasos stansiyasiga bergan zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana to‘rt kishi jarohatlanganini xabar qildi. AQSh tomoni ushbu obyektga zarba berilgani haqidagi ma’lumotga hozircha munosabat bildirmadi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning Fors ko‘rfazidagi keskinlik haqidagi bayonotini tanqid qildi. Vazirlik vakili Ismoil Baqoiy Eronning AQSh harbiy bazalari va aktivlariga bergan zarbalarini xalqaro huquq doirasidagi o‘zini o‘zi himoya qilish chorasi deb atadi. U mintaqa davlatlarini o‘z hududlaridan Eronga qarshi hujumlar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
BMT bosh kotibi avvalroq Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga hujumlar, AQShning Eron hududiga zarbalari va Tehronning qo‘shni mamlakatlardagi nishonlarga hujumlaridan xavotir bildirgan edi. Guterrish keng ko‘lamli urushga qaytish mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Qaynoq24.uz Eronda Ali Xomanaiy dafn etilgani haqida yozgan edi.


