iQOO kompaniyasi yangi avlod flagman va unumdorlikka yo‘naltirilgan smartfonlarida batareya sig‘imini keskin oshirishga tayyorlanmoqda. Digital Chat Station taxallusi bilan tanilgan insayder ma’lumotiga ko‘ra, iQOO 16, iQOO Neo 12 hamda iQOO Z12 Turbo modellari 8 500 mA/soatdan 10 000 mA/soatgacha sig‘imli akkumulyatorlar bilan sinovdan o‘tkazilmoqda.
Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, iQOO 16’ning muhandislik namunasi 8 500 mA·soatli batareya bilan jihozlangan. Qurilma 100 vattli simli tezkor quvvatlash bilan birga simsiz quvvatlashni ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Smartfonda 2 nanometrli texnologiya asosida ishlab chiqarilishi kutilayotgan Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro protsessoridan foydalanilishi aytilmoqda.
iQOO Neo 12 va iQOO Z12 Turbo‘ga tegishli deb taxmin qilinayotgan boshqa ikki prototipda yanada yirik akkumulyatorlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Ulardan biriga 9 000 mA·soatli, ikkinchisiga esa yuqori kremniy tarkibli, bitta yacheykali 10 000 mA·soatli batareya o‘rnatilgan. Hozircha qaysi model aynan qaysi batareyani olishi ochiqlanmagan.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, iQOO Neo 12 tekis shakldagi 6,83 dyuymli OLED displey bilan jihozlanadi. Ekran 2K aniqlik va 185 Hz gacha yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Qurilmada Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori hamda o‘yinlardagi grafikani yaxshilashga mo‘ljallangan alohida chip o‘rnatilishi kutilmoqda.
Neo 12 uchun 100 vattli tezkor quvvatlash, ekran ostidagi ultratovushli barmoq izi skaneri va yuqori darajadagi suvdan himoya ham tilga olinmoqda. Katta akkumulyator va yuqori yangilanish chastotasiga ega ekran modelning, avvalo, mobil o‘yinlar va uzoq muddatli faol foydalanishga mo‘ljallanishini ko‘rsatadi.
iQOO Z12 Turbo‘ning boshqa texnik xususiyatlari hozircha noma’lum. Uning Snapdragon 8 Gen 6 turkumidagi 3 nanometrli chip bilan chiqishi taxmin qilinmoqda, biroq bu ma’lumot kompaniya tomonidan tasdiqlanmagan.
Qaynoq24.uz iQOO Pad 5c Snapdragon 8s Gen 3 chipi bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.


