Geely tarkibidagi Lynk & Co kompaniyasi Xitoyda yangi Lynk & Co 07 GT o‘rta o‘lchamli gibrid universalini sotuvga chiqardi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Model to‘rtta komplektatsiyada taklif qilinib, narxi 157,8 mingdan 208,8 ming yuangacha yoki qariyb $23,2–30,7 ming oralig‘ida belgilandi. Atigi 1007 nusxada chiqarilgan maxsus versiya oldindan buyurtma davridayoq to‘liq sotib bo‘lindi.
Xitoy va Yevropadagi dizayn jamoalari hamkorligida yaratilgan Lynk & Co 07 GT’ning uzunligi versiyasiga qarab 4846–4866 mm, kengligi 1900 mm, balandligi esa 1485 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2843 mmga teng. Avtomobil olti xil kuzov rangida taklif qilinadi.

Modelning old qismidagi «Dawn» kunduzgi chiroqlar tizimi 94 ta LED elementidan iborat. Orqa tomonda esa uzunligi 1354 mm bo‘lgan yaxlit «Energy Crystal» chirog‘i joylashtirilgan bo‘lib, unda 204 ta LED ishlatilgan.
Old g‘ildirakdan tortuvchi versiyada yukxona sig‘imi 614 litrni tashkil etadi. Orqa o‘rindiqlar 40:60 nisbatda buklanganda bu ko‘rsatkich 1665 litrgacha kengayadi. To‘liq uzatmali versiyada yukxona hajmi mos ravishda 548 va 1599 litrga teng.
Salon o‘rab turuvchi arxitektura va karbon tolali bezaklar asosida ishlangan. Xaridorlarga interyerning beshta rangli varianti taklif qilinadi. Avtomobil 10,2 dyuymli raqamli asboblar paneli, 15,4 dyuymli markaziy ekran hamda 95 dyuym ekvivalentidagi kengaytirilgan reallik proyeksion displeyi bilan jihozlangan. Multimedia tizimi Lynk Flyme Auto 2.5 dasturiy platformasida ishlaydi.

Ichki qism qulayliklari
Salondagi «Eva» nomli jismoniy robot sun’iy intellekt yordamida yo‘lovchilar bilan muloqot qilish va safarni rejalashtirish imkonini beradi. Har ikkala old o‘rindiq 12 yo‘nalishda elektr yordamida sozlanadi hamda isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega. Ovoz tizimi 1600 Vt quvvatli 23 ta Harman Kardon dinamikidan iborat.
Lynk & Co 07 GT EM-P plagin-gibrid tizimi bilan jihozlangan. Uning tarkibiga 1,5 litrli turbomotor, elektr dvigatel va uch pog‘onali DHT gibrid transmissiyasi kiradi. Benzin dvigatelining maksimal quvvati 120 kVt yoki 161 ot kuchini tashkil etadi.

Bitta elektr motorli versiyaning umumiy quvvati 300 kVt yoki 402 ot kuchiga teng. U soatiga 100 km tezlikka 5,5 soniyada chiqadi. Ikki motorli to‘liq uzatmali variant esa 390 kVt yoki 523 ot kuchi ishlab chiqarib, 100 km/soat tezlikka to‘rt soniyada erishadi.
Barcha versiyalarga 28,3 kVt·soat sig‘imli Energee Golden Brick batareyasi o‘rnatilgan. Old g‘ildirakdan tortuvchi model CLTC standartida faqat elektr quvvatida 200 km, benzin va elektr energiyasi hisobiga jami 1422 km masofa bosib o‘ta oladi. To‘liq uzatmali versiyaning elektr yurish zaxirasi 170 km, umumiy yurish masofasi esa 1315 kmni tashkil etadi.
Qaynoq24.uz BYD Qin Max avtomobili haqida yozgan edi.


